Ayol faol bo‘lsa, jamiyat o‘zgaradi
Bugun jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarning faol ishtiroki, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, salohiyatini ro‘yobga chiqarishdan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, oiladagi fayz, mahalladagi osoyishtalik, jamiyatdagi barqarorlik va yurt taraqqiyoti ko‘p jihatdan ayolning ijtimoiy mavqei va faolligiga bog‘liq.
Shu ma’noda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi “Siyosatchi ayollar” klubi faoliyati nafaqat xotin-qizlarni siyosiy jarayonlarga keng jalb etish, balki ularning kundalik hayotida uchrayotgan muammolarga yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
2026-yilning birinchi yarim yilligi klub uchun izlanish, tashabbus va amaliy natijalarga boy davr bo‘ldi.
Hisobot davrida reja asosida 130 ta tadbir tashkil etildi. Ularning 16 tasi davra suhbati, 20 tasi maqsadli loyiha, 20 tasi uchrashuv, 15 tasi aksiya, 24 tasi targ‘ibot tadbiri va 35 tasi nazorat-tahlil o‘rganishlaridan iborat bo‘ldi. Ushbu tadbirlarga jami 5 013 nafar xotin-qiz jalb etildi. Bu raqamlar shunchaki statistika emas. Ularning zamirida o‘zini jamiyatda erkin va munosib o‘rinda ko‘rishga intilayotgan minglab ayollarning taqdiri, orzu-intilishlari va tashabbuslari mujassam.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yo‘llaridan biri — ularga tayyor yordam berish emas, balki mustaqil daromad topishi va o‘z mehnati bilan oilasi farovonligini ta’minlashi uchun imkoniyat yaratishdir. Shu maqsadda “Xizmat — beminnat” loyihasi doirasida “Ustoz-shogird” an’analari asosida bepul kasb-hunar kurslari tashkil etildi. Ularda 67 nafar xotin-qiz tikkuvchilik, pazandachilik, soch turmaklash kabi kasblarni egallashga yo‘naltirildi. Aniq fanlar bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv kurslariga esa 22 nafar xotin-qiz jalb qilindi.

Jami 89 nafar ayolning yangi kasb va bilimlarga yo‘naltirilgani ushbu tashabbusning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Chunki kasb — bu faqat hunar emas. U ayol uchun mustaqillik, o‘z kuchiga ishonch, oilasi uchun qo‘shimcha daromad va kelajakka dadil qadam demakdir.
Klub faoliyatida aholi bilan manzilli ishlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Partiyaning 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi asosida amalga oshirilayotgan “Uyma-uy” loyihasi doirasida 713 ta xonadonga tashrif buyurilib, 499 nafar xotin-qizning muammolari o‘rganildi. Muammolar ham turlicha: kimgadir ish kerak, kimdir kasb o‘rganish istagida, yana bir oilaga kredit yoki ijtimoiy ko‘mak zarur. Ayrim hollarda sog‘liqni saqlash, uy-joy, yer-mulk masalalari dolzarb bo‘lsa, boshqa bir holatda ayolning o‘z tadbirkorligini boshlashi uchun amaliy ko‘mak talab etiladi. Muhimi, bu murojaatlar qog‘ozda qolib ketmadi. “Mahallabay” va “fuqarobay” ishlash tizimi doirasida 169 ta sayyor qabul va uchrashuv o‘tkazilib, 3 529 nafar aholi qamrab olindi. Kelib tushgan 277 ta muammoning 252 tasi ijobiy hal etildi. “Ayollar daftari” bilan bog‘liq 200 ta masalaning 180 tasiga ham yechim topildi. Bu raqamlar klub faoliyatida “eshitish” bilan “hal qilish” o‘rtasidagi farq tobora qisqarayotganini ko‘rsatadi. Zero, aholining ishonchini qozonish uchun murojaatni qabul qilishning o‘zi kifoya emas — uning ortidan aniq harakat va natija bo‘lishi kerak.
Xotin-qizlarning jamoatchilik va siyosiy hayotdagi ishtiroki ham klub e’tiborida bo‘ldi. Hisobot davrida klub a’zolarining ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari 80 tani tashkil etdi. Yoshlar masalalari bo‘yicha 18 ta, ayol deputatlar tomonidan esa 58 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Shuningdek, ayol deputatlar tashabbusi bilan 20 ta masala sessiya kun tartibiga kiritildi.

Bu — ayollarning jamiyat hayotidagi roli faqat ijtimoiy masalalar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q, balki ular hudud taraqqiyotiga daxldor qarorlarni qabul qilish jarayonida ham tobora faol ishtirok etayotganidan dalolat.
Yig‘ilishda so‘z olgan partiya viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Gulchehra Sharipova xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini yanada oshirish, joylarda aniqlanayotgan muammolarni deputatlar bilan hamkorlikda tizimli hal etish zarurligini ta’kidladi. “Siyosatchi ayollar” klubi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abipa Xuseynova esa birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berib, erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtaldi. Klub a’zosi, senator Moyra Tosheva xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda qonunchilik sohasida ilgari surilayotgan islohotlarning joylardagi ijrosini samarali ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi. Buxoro tuman Kengashi deputati Nafisa G‘aybullayeva esa aholi bilan “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash, xotin-qizlarni bandlikka yo‘naltirish hamda ularga kasb-hunar o‘rgatish borasidagi amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri