Asr bilan yuzlashayotgan nashr
Jamiyatda huquq-tartibotni mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurash, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda ommaviy axborot vositalarining ham alohida o‘rni bor.
Ichki ishlar vazirligining “Postda-Na postu-At the post” gazetasi ham uzoq yillik tarixi, boy tajriba va salohiyatiga ko‘ra, o‘z o‘quvchilarini tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan uzluksiz xabardor qilib, turli yot g‘oyalar va jamiyatdagi illatlardan ogoh bo‘lishga da’vat etib kelmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan gazeta va jurnallar orasida «Postda»ning ham o‘z ovozi va qiyofasi, munosib o‘rni bor.
1930-yil 12-maydan boshlab chop etilgan ushbu nashrning ilk soni gazetxonlar qo‘liga yetib borganiga 96 yil to‘ldi. Salkam bir asrga yaqin vaqtdan buyon ushbu nashr o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lgan yetakchi nashrlardan biri sifatida ko‘p sonli mushtariylarning mehrini qozonib kelmoqda.
Ayniqsa, ichki ishlar organlarida olib borilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarni yoritishda, xodimlar va ular oila a’zolarining dunyoqarashini kegaytirish, siyosiy, ma’naviy, huquqiy bilim va salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xodimlarning yurt tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash borasidagi mashaqqatli faoliyati, quvonch va tashvishlari, ular erishgan yutuqlar, jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlarning yorqin xotirasi, iste’dodli xodimlarning ijod namunalari – bularning barchasi gazeta sahifalarida o‘z aksini topgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish va kitobxonlikni keng targ‘ib etish borasida ham ijodiy jamoa tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, “IIV Birlashgan tahririyati kutubxonasidan” turkumida “Ma’naviyat va ma’rifat chashmasi”, “Yoshlar – kelajak poydevori”, “Korrupsiya – taraqqiyot dushmani”, “Nurli maskan orzulari”, “Jasorat va buyuklik timsoli – ayol”, “Yurtning jasur o‘g‘lonlari” kabi 10 dan ziyod nomdagi kitoblar nashr etilib, tizimdagi “Vatanparvarlik burchaklari” hamda hududiy kutubxonalarga bepul tarqatildi va bu an’ana davom etmoqda.
Alohida ta’kidlash o‘rinliki, yaqin yillar davomida tahririyat ijodiy jamoasi turli mahalliy va xalqaro tanlovlarda ham faol ishtirok etib, munosib yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
Jumladan, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi, “Eng ulug‘, eng aziz”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Inson huquqlari – jurnalist nigohida”, “Armiya – yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi ramzi”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz” kabi tanlovlar, ijodkor ayollar o‘rtasidagi “Atirgul” mukofoti kabi ijodiy musobaqalarda tahririyat muxbirlari faxrli o‘rinlarni egalladilar.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun axborot maydonida o‘z aytar so‘ziga ega bo‘lgan, asr bilan yuzlashayotgan «Postda» gazetasi jamoasi ulug‘vor maqsadlar va yuksak ishonch bilan eng avvalo, xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilayotgan har bir xodimning ma’naviyatini oshirish borasida yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surib, o‘z sahifalari orqali muhim va rang-barang mavzularni chuqur yoritish borasida tinimsiz izlanmoqda.
Bugun davr shiddatiga mos ravishda jonli nashr, raqamli gazeta shaklida ham materiallar chop etilmoqda. Muhim mavzudagi maqolalarning “QR-cod” orqali audio va video tarzida ham mushtariylarga yetkazilmoqda. Materiallarni rus, ingliz va qoraqalpoq tilida ham o‘qish imkoniyati mavjudligi, gazeta ichida bosma OAV shaklidagi “Bolajon”, “Oila” kabi ilovalarning paydo bo‘lishi ham yaxshi yangilik sifatida qarshilandi.
Ko‘p ming sonli mushtariylarga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni atroflicha aks ettirish yo‘lida o‘z professional vazifasini sidqidildan ado etib kelayotgan Birlashgan tahririyat jamoasini, gazetaning doimiy faol mualliflari bo‘lgan fidoyi ziyolilar, hududlardagi muxbir va jurnalistlarni mazkur sana bilan qutlaymiz.
Jamiyatimizda fikrlar xilma xilligi, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, gazeta sahifalarida tizim faoliyatining targ‘iboti orqali xalqimizning ichki ishlar organlariga nisbatan hurmatini yuksaltirish borasidagi g‘oyat sharafli va zahmatli faoliyatida tahririyat jamoasiga ijodiy faollik tilaymiz.Jamiyatimizda fikrlar xilma xilligi, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, gazeta sahifalarida tizim faoliyatining targ‘iboti orqali xalqimizning ichki ishlar organlariga nisbatan hurmatini yuksaltirish borasidagi g‘oyat sharafli va zahmatli faoliyatda tahririyat jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar va ijodiy faollik doimo yor bo‘lishini tilaymiz.
Sherbek Islomov,
O‘zA