Arxiv sohasidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi
“O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2026-yil 13-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazmun mohiyatiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.
Unda agentlik axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev quyidagilarni ma’lum qildi:
-Ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 11-martda qabul qilingan, Senat tomonidan esa 2026-yil 8-avgustda ma’qullangan.
Qonunning asosiy maqsadi - arxiv ishi sohasini zamonaviy talablarga muvofiqlashtirish hamda mazkur sohaga raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etishdan iborat.
Qonun bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Arxiv ishi sohasidagi yangiliklardan biri shuki, tushunchalar aniqlashtirildi. Qonunga bir qator yangi tushunchalar kiritildi.
Jumladan, arxiv - arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxs bo‘lmagan alohida bo‘linma sifatida belgilandi. Arxiv hujjatining elektron nusxasi - asl nusxani raqamlashtirish orqali undagi axborotni o‘qish yoki ko‘rish imkonini beruvchi ko‘chirma nusxa deb ta’riflandi. Elektron arxiv - arxiv ishi faoliyatini elektron shaklda amalga oshirishga qaratilgan texnik vositalar tizimi sifatida kiritildi.
Shuningdek, qonun bilan Adliya vazirligining vakolatlari belgilandi. Qonunga kiritilgan yangi 6¹-modda bilan arxiv ishi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ sifatida Adliya vazirligining vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi.
Jumladan, vazirlik sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi tartibini belgilaydi. Davlat arxivlariga pulli xizmatlar ko‘rsatish tartibini tasdiqlaydi hamda hujjatlarning saqlash muddatlari ko‘rsatilgan namunaviy ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, "O‘zarxiv" agentligida esa ushbu sohada vazirlikka amaliy jihatdan ko‘maklashuvchi organ sifatidagi roli saqlanib qolmoqda.
Qonunga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarda, shu jumladan amaliy ehtiyoj mavjud bo‘lsa ularga bevosita bo‘ysunadigan alohida bo‘linmalar va filiallarda ham, arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda idoraviy arxivlar majburiy tarzda tashkil etiladi. Nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun esa bu ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.
Nodavlat arxivlar va elektron arxivlar tashkil etish tartibining qonuniy asoslari belgilab berildi. Qonun bilan "Arxiv ishi to‘g‘risida"gi qonunga yangi 19¹ va 19²-moddalar kiritildi.
Nodavlat arxivlar - Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismidagi hujjatlarni jamlash, saqlash va ulardan foydalanish uchun tashkil etilishi mumkin. Ular davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tuzilishi mumkin emas, lekin ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan vakolatli organni xabardor qilish tartibida faoliyat yuritadi.
“Elektron arxiv" tushunchasi qonun bilan birinchi marta me’yoriy darajada mustahkamlanib, sohaga yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Ta’rif jihatidan. Endi elektron arxiv – “arxivning va idoraviy arxivning arxiv ishi faoliyatini elektron shaklda amalga oshirishga qaratilgan texnik vositalar tizimi” sifatida qonuniy maqomga ega bo‘ldi. Shuningdek, “arxiv hujjatining elektron nusxasi” tushunchasi ham kiritilib, raqamlashtirilgan hujjat asl nusxa bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘lishi mumkinligi belgilandi.
Amaliy imkoniyatlar jihatidan. Qonun (19²-modda) elektron arxivga nisbatan aniq talablar va shu orqali qator imkoniyatlarni yaratdi.
Xususan, hujjatlarni qog‘oz shaklda emas, elektron tarzda jamlash, hisobga olish va saqlash, arxiv hujjatlarini tezkor qidirish, boshqarish va ulardan masofadan turib foydalanish, raqamlashtirilgan hujjatning asl hujjat bilan bir xilligini (autentikligini) texnik jihatdan ta’minlash hamda axborot va kiberxavfsizlik talablariga javob beradigan tizim orqali hujjatlarni ishonchli saqlash mumkin.
Tizimli jihatdan esa bu tushuncha Yagona milliy arxiv axborot tizimi (5¹-bob) bilan uzviy bog‘langan davlat organlari va tashkilotlari o‘z elektron arxivlarini mazkur yagona tizimga integratsiya qilishi shart bo‘lib, natijada hujjat aylanmasi markazlashtirilgan, tezkor va fuqarolar uchun qulay elektron xizmatlar ko‘rinishiga o‘tishi imkonini beradi.
Qonunga kiritilgan yangi 5¹-bob doirasida “Yagona milliy arxiv axborot tizimi” tushunchasi va uning huquqiy asoslari belgilab qo‘yildi.
Ushbu tizim “O‘zarxiv” agentligiga tegishli bo‘ladi va boshqa idoralar foydalanishini ta’minlaydi. Davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalarning o‘z elektron arxiv tizimlarini unga integratsiya qilishini majburiy qilib qo‘yadi (davlat sirlarini tashkil etuvchi hujjatlar bundan mustasno).
Tizim orqali almashilayotgan axborot qonunchilikka muvofiq rasmiy hujjat sifatida tan olinadi. Shuningdek, hujjatlarni saqlash muddatlari aniqlashtirildi.
Qonun bilan turli toifadagi arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda saqlash muddatlariga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, maxfiy hujjatlar - 30 yil, shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar (2019-yil 1-yanvargacha shakllangan) - 75 yil, shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar (2019-yil 1-yanvardan keyin shakllangan) -50 yil etib belgilandi.
Qonun bilan fuqarolar uchun imtiyozlar belgilab berilgan. Ya’ni, qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan arxiv ma’lumotnomalari, shuningdek davlat organlariga berilayotgan arxiv ma’lumotnomalari va hujjatlarning ko‘chirma nusxalari “bepul” asosda beriladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA