Armaniston 2030-yilgacha Turkiya va Ozarbayjon bilan chegaralarini ochishni rejalashtirmoqda
Armaniston 2030-yilgacha Turkiya va Ozarbayjon bilan chegaralarini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vaan Kostanyan Bryusselga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Janubiy Kavkazni Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi qismga aylantiradi.
Diplomat shuningdek, Armaniston amerikalik sheriklari bilan birgalikda “TRIPP” loyihasini ishga tushirish uchun huquqiy tayyorgarlik yakunlayotganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Kostanyan an’anaviy savdo yo‘llarining beqarorligi va global logistika zanjirlaridagi uzilishlar O‘rta yo‘lakning ahamiyatini oshirayotganini qo‘shimcha qildi hamda Yerevan ushbu yo‘nalish orqali yuklarning to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlash niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu raqamli yechimlarni va Yevropa Ittifoqi ko‘magida huquqiy asosni yanada rivojlantirishni talab qiladi.
S.Rahimov, O‘zA