AQSH matbuotida Rubioning O‘zbekistonga tashrifi keng yoritilyapti
AQSHning nufuzli axborot nashrlari Davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi va Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) formatidagi uchrashuvlarga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, “Associated Press” Rubioning AQSH Markaziy Osiyoni ishonchli hamkor sifatida ko‘rish istagida ekani xususidagi bayonotiga urg‘u bergan. Davlat kotibi so‘nggi 20 yil davomida mintaqamiz bilan sheriklikka yetarli e’tibor qaratilmaganini ta’kidlab, bugun ayni masalaga yondashuv o‘zgarganini bildirgan.
Shuningdek, agentlik tashrif doirasida 200 dan ziyod Amerika kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etayotganini ta’kidlagan. Zero, yuqori martabali mulozim Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb savdo aloqasida muhim o‘rin tutadigan mintaqa o‘laroq ta’riflagan.
“Reuters” mazkur voqea haqidagi xabarda C5+1 formatidagi uchrashuv, mintaqa tabiiy resurslari va Amerika iqtisodiy manfaati bilan bog‘liq mavzularga batafsil to‘xtalgan.
AFP agentligi tashrifni AQSHning Markaziy Osiyo bilan tijoriy aloqani kengaytirishga intilishi bilan bog‘lagan. Samarqandda Markaziy Osiyoning 5 davlati va AQSH tashqi siyosat idorasi rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilishini qayd etgan.
Umuman, materiallarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘rni, mintaqaviy muloqot va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari AQSH tashqi siyosati bilan bog‘liq holda yoritilgan.
D.Hakimov, O‘zA