Tramp Papaga qarshimi?
Prezident Donald Tramp katolik cherkovi rahbari Papa Levni ochiqcha tanqid qilib, tashqi siyosatda “yomon ishlayotgani” va "jinoyatga moyillik masalasida zaif” ekanini ta’kidlagan. Mazkur bayonot ijtimoiy tarmoqda keng ko‘lamli bahs keltirib chiqardi. Ayniqsa, dindorlar bu gapni keskin qabul qildi.
Papa Lev so‘nggi vaqtda Eron bilan bog‘liq urush va migratsiya siyosati yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirib kelayotgan edi. U zo‘ravonlikni “aqlsizlik” deb atab, tomonlarni tinchlikka chaqirgan. Shuningdek, AQSHdagi migrantlarga nisbatan munosabatni ham tanqid qilgan. Bu esa Tramp pozitsiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid keldi.
Katolik cherkovi vakillari Prezident bayonotini qoraladi. Ular ta’kidlashicha, Papa siyosatchi emas, balki ma’naviy yetakchi. Shu bois, unga nisbatan hujum noo‘rin baholanmoqda. Mutaxassislar ayni holatni davlat rahbari va diniy yetakchi o‘rtasida kam uchraydigan ochiq qarama-qarshilik sifatida ko‘ryapti.
Bu nizo Vashington siyosiy muhitiga ham ta’sir qilishi mumkin, chunki katoliklar mamlakatda ulkan ijtimoiy qatlamni tashkil qiladi. Qolaversa, Papa va Tramp o‘rtasidagi fikr to‘qnashuvi xalqaro miqyosda ham e’tiborga tushib, dinning siyosat bilan murakkab munosabatini yana bir bor namoyon qildi.
Musulmon Ziyo,
O‘zA