Angliyada kamsitish uchun kamida 10 o‘yinlik diskvalifikatsiya joriy etiladi
Shuningdek, intizom qo‘mitasi qoidabuzarlikda og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud deb hisoblasa, 10 o‘yindan ham uzoqroq muddatga chetlatish jazosini qo‘llashi mumkin.
Angliyada yangi mavsumdan boshlab futbolchilarga, murabbiylarga va uchrashuvning boshqa ishtirokchilariga nisbatan kamsituvchi xatti-harakatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytiriladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) yangi mavsum oldidan intizomiy qoidalarni yangiladi. Endilikda etnik kelib chiqish, teri rangi, irq, millat, din yoki e’tiqod, jins, jinsiy orientatsiya hamda nogironlik bilan bog‘liq haqoratli yoki kamsituvchi harakatlar «og‘irlashtirilgan qoidabuzarlik» sifatida baholanadi.
FA bayonotida bunday holatlar uchun kamida 10 ta o‘yinga diskvalifikatsiya standart jazo sifatida qo‘llanishi belgilangan.
Shuningdek, intizom qo‘mitasi qoidabuzarlikda og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud deb hisoblasa, 10 o‘yindan ham uzoqroq muddatga chetlatish jazosini qo‘llashi mumkin.
Qayd etilishicha, yengillashtiruvchi omillar mavjud bo‘lsa, diskvalifikatsiya muddati qisqartirilishi mumkin. Biroq jazo 6 ta o‘yindan kam bo‘lmaydi. Takroriy qoidabuzarlik sodir etgan shaxslarga esa yanada og‘irroq sanksiyalar qo‘llanadi.