Andijonda grant loyihalari bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Andijonda davlat granti tanloviga loyihalar tayyorlash va taqdim etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ommaviy axboroti vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, subsidiya, davlat granti ko‘rinishida moliyaviy ko‘mak berish ko‘lami va hajmi ortib borayotganligi, ularning faolligini oshirish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan zarur ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbirda viloyatdagi fuqarolik jamiyati institutlarining davlat grant tanlovlaridagi ishtiroki, grant loyihalarini amalga oshirish borasida faoliyatlari tahlil qilindi.
[gallery-29652]
– Ayni kunda Andijon viloyatida 600 dan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari, 20 dan ziyod elektron va bosma ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari Zarifaxon Ahmedova. – Hozirda davlat grant tanlovlarida g‘olib bo‘lgan o‘ndan ortiq NNT va ommaviy axborot vositasi o‘zlarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Seminarda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalarning grant tanlovlarida faol ishtirok etishi, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi, shuningdek, mutaxassislar tomonidan Jamoat fondining ngo.go.uz platformasidan foydalanish tartibi, grant va ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha arizalarni elektron shaklda taqdim etish jarayonlari haqida ma’lumot va tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.