Viloyat hokimi yosh kitobxonlar bilan uchrashdi
Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni mutolaaga keng jalb etish va ma’naviy kamolotini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bu esa respublika miqyosida o‘tkazilayotgan nufuzli tanlovlarda buxorolik yoshlarning munosib ishtirokida yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimi Botir Zaripov tarixiy va betakror muhitga ega “Poyi Kalon” majmuasida “Yosh kitobxon” respublika tanlovi g‘olib va sovrindorlari hamda ularning ota-onalari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida viloyat rahbari yoshlarni qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlari bilan muborakbod etib, ularning kelgusida ilm-fan, ijod va hayot yo‘lida yanada katta muvaffaqiyatlarga erishishini tiladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda Buxoro yoshlari nafaqat mamlakat miqyosida, balki xalqaro maydonlarda ham o‘z bilim va iqtidori bilan munosib ishtirok etib kelmoqda. “Yosh kitobxon” tanlovida qo‘lga kiritilgan natijalar esa viloyatda kitobxonlik madaniyati yuksalayotgani, yoshlar orasida mutolaaga qiziqish tobora kuchayib borayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Ma’lumki, “Yosh kitobxon” respublika tanlovi mamlakatimizda yoshlarni ma’naviy kamolotga yetaklash, ularning dunyoqarashi va tafakkurini boyitishga xizmat qilayotgan eng nufuzli intellektual loyihalardan biri hisoblanadi. Murosasiz bahslar, keskin aql-zakovat sinovlari va yuksak tayyorgarlik ruhida kechgan final bosqichida 10–14 hamda 15–19 yosh toifalari bo‘yicha eng bilimdon kitobxonlar saralandi.
[gallery-29654]
Quvonarlisi, har ikki yosh toifasida ham buxorolik yoshlar g‘olib va sovrindorlar safidan munosib o‘rin oldi. Xususan, iqtidorli yosh kitobxon Farzona Nosirova final bosqichida barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. U Prezident sovg‘asi — zamonaviy “BYD Chazor” elektromobili bilan taqdirlandi. Bu nafaqat Farzona uchun, balki butun Buxoro ahli uchun katta faxr va iftixor bo‘ldi.
Shuningdek, 15–19 yosh toifasida yana bir buxorolik iste’dod egasi — Mohinur Hoshimova ham yuqori natija qayd etib, faxrli 3-o‘rinni egalladi. Uning munosib ishtiroki 50 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi. Bu kabi yutuqlar Buxoro yoshlarining bilimga chanqoqligi, mustaqil fikrlashi va yuksak intellektual salohiyatini namoyon etmoqda.
Uchrashuv jarayonida “Poyi Kalon” majmuasiga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar bilan ham samimiy muloqot o‘tkazildi. Suhbatlar davomida O‘zbekistonda yoshlar ta’limi, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va boy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida fikr almashildi.
Ayniqsa, Buxoroning qadimiy ilm-ma’rifat markazi sifatidagi nufuzi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida Buxoro davlat pedagogika instituti talabalari tomonidan tayyorlangan jonli ijrodagi konsert dasturi barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, dilbar taronalar va ijodiy chiqishlar uchrashuvga yanada fayz bag‘ishladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari