Andijon shahrining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi doirasida o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar ishtirokchilariga
Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalo, siz, azizlarni Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, ko‘hna va betakror Andijon shahrining 2026-yilda “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi marosimda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlarning elchilari, turkiy dunyoning atoqli madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalarini qizg‘in qutlab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Fursatdan foydalanib, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY rahbariyati va Tashkilotga a’zo davlatlarga Andijon shahrini “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilganliklari uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Hech shubhasiz, Andijon shahrining bunday yuksak sharafga munosib ko‘rilganini O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi sifatida qabul qilamiz.
Aziz do‘stlar!
Vatanimizning sharqiy darvozasi bo‘lmish Andijon asrlar davomida madaniyat, adabiyot, san’at va hunarmandlik sohalaridagi markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu tabarruk zamindan ulug‘ sarkarda va davlat arboblari, benazir allomalar, shoir va adiblar, mahoratli san’atkorlar yetishib chiqqanini butun turkiy olam doimo minnatdorlik bilan e’tirof etadi.
Bu haqda gapirganda, ushbu dilbar diyorning faxru iftixori bo‘lgan Bobur Mirzoning ulkan ilmiy va adabiy merosi, harbiy san’ati, mumtoz shoirimiz Abdulhamid Cho‘lponning ozodlik va erkinlik qadri yuksak pardalarda tarannum etilgan o‘lmas asarlarining o‘zi ko‘p narsadan dalolat berishini ta’kidlash zarur. Milliy raqs san’atimizning yorqin namunasi bo‘lmish “Andijon polkasi”, odamlarimizning beg‘ubor qalbi va zakovatini o‘zida mujassam etgan askiya san’ati nafaqat bizning, balki butun san’atsevar xalqlarning umumiy madaniy mulkiga aylangan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu kabi bebaho qadriyat va san’at durdonalarini asrab-avaylash va boyitish, ulardan yosh avlodimiz va jahon madaniy jamoatchiligini keng bahramand etish borasida TURKSOY bilan yaqin hamkorlikni yuksak qadrlaymiz. Bu borada eng sara adabiy asarlarni o‘z ichiga olgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami nashr etilib, o‘quvchilar qo‘liga yetib borgani, mamlakatlarimizda birgalikda ko‘plab ilmiy anjuman va konferensiyalar, turli madaniy tadbir va taqdimotlar o‘tkazilayotgani, shu yilning aprel oyida Islom sivilizatsiyasi markazida TURKSOY ofisi ochilganini alohida ta’kidlash lozim.
O‘zbekistonlik san’at va madaniyat namoyandalari bugungi kunda xalqaro sahnalarda, xususan, TURKSOY tomonidan o‘tkazilayotgan nufuzli anjumanlar, festival va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, joriy yilning fevral oyida bolalar raqs va sozandalik jamoalarimiz xalqaro festivalda Gran-prini qo‘lga kiritgani barchamizni mamnun qildi.
Bularning barchasi xalqlarimizning teran ildizga ega qardoshlik rishtalari bugun ham tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
“Andijon – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” loyihasi doirasida bir yil davomida mamlakatimiz va qardosh yurtlarda o‘tkaziladigan festival va ilmiy anjumanlar, badiiy kecha va ijodiy uchrashuvlar madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar ochadigan unutilmas voqea bo‘lib qoladi deb ishonaman.
Sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizga ulkan zafarlar tilayman.
O‘zbekiston durdonasi, oltin vodiy gavhari – so‘lim va fayzli Andijon shahriga xush kelibsiz, azizlar!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti