Qat’iyat va imkoniyat uyg‘unligi
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Ayniqsa, mahallalarda “hokim yordamchisi” instituti orqali fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish natijasida ko‘plab yangi biznes g‘oyalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Paxtaobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Anvar Bekboyev ana shunday intilish va harakat orqali o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan faol fuqarolardan biri hisoblanadi.
U mahalla hokim yordamchisi Nodir Barnoyevga murojaat qilib, o‘z rejalari yuzasidan maslahat va yo‘l-yo‘riqlar oldi. Berilgan tavsiyalar asosida Anvar Bekboyevga 10 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi va shu mablag‘ hisobiga bedanachilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Ayni paytda tadbirkor xonadonida 1000 dona bedana parvarishlanmoqda. Ularning 500 donasi tuxum yo‘nalishida, yana 500 donasi go‘sht yetishtirishga mo‘ljallangan. Tadbirkor o‘z faoliyatini kengaytirishni maqsad qilib, yaqin vaqt ichida yana 1000 dona bedana olib kelishni rejalashtirgan. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, qo‘shimcha qurilish ishlari va infratuzilmani shakllantirish uchun umumiy 50 million so‘mlik sarmoya jalb qilingan.
Bedanachilik faoliyatida asosiy xarajatlardan biri ozuqa hisoblanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1000 dona bedana uchun oyiga o‘rtacha 1 tonna ozuqa sarflanib, bugungi narxlarda bu 5,8 million so‘m atrofida mablag‘ni tashkil etmoqda. Hozirga qadar umumiy xarajatlar qariyb 20 million so‘mga yetgan.
Shu bilan birga, mazkur faoliyatning daromad jihatlari ham ancha barqaror va istiqbolli. Masalan, 500 dona tuxum yo‘nalishidagi bedanadan kuniga o‘rtacha 300 dona tuxum olinmoqda. Agar har bir tuxum 500 so‘mdan sotilsa, kunlik tushum 150 ming so‘mni, oylik daromad esa qariyb 4,5 million so‘mni tashkil etadi.

Go‘sht yo‘nalishidagi bedanalardan esa o‘rtacha 150 kilogramm go‘sht olinib, umumiy daromad 15 million so‘mga teng bo‘lmoqda. Bu raqamlar bedanachilik nafaqat tez foyda keltiradigan, balki nisbatan kam sarmoya bilan yo‘lga qo‘yiladigan samarali biznes turi ekanini ko‘rsatadi.
– Ilgari tadbirkorlikni boshlash niyatim bor edi, ammo, qayerdan va qanday boshlashni bilmasdim, – deydi tadbirkor Anvar Bekboyev. – Davlat rahbarining tashabbusi bilan hokim yordamchisi orqali kerakli maslahat va moliyaviy ko‘mak oldim. Bugun esa o‘z mehnatim natijasini ko‘ryapman. Kelgusida bedanalar sonini 5000 taga yetkazib, yana bir nechta ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirdim.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tumanda amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar aholining tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va daromad manbalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bu kabi loyihalar orqali “bir oila – bir biznes” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilib, yurtimizda iqtisodiy farovonlikka erishish yo‘lida mustahkam qadamlar tashlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.