Amfiteatr foydalanishga topshirildi
To‘rtko‘l tumanida yangi Amfiteatrning foydalanishga topshirilishi va milliy qo‘shiqchilik san’atimizda o‘chmas iz qoldirgan betakror ovoz egasi Otajon Xudayshukurov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Esar Jayxun shamollari” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni tuman markazida yangidan qad rostlagan muhtasham binoning foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida mashhur xushovoz xonandamiz Otajon Xudoyshukurov nomiga To‘rtko‘l tumanida Amfiteatr qurish bo‘yicha bildirilgan taklif qo‘llab-quvvatlanib, aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Shu asosda 13 milliard so‘m mablag‘ evaziga 2 ming o‘rinli Amfiteatr qurilib, foydalanishga topshirildi va tuman aholisining ko‘p yillik orzu-umidlari ro‘yobga chiqdi. Ahamiyatlisi, bundan buyon tumandagi barcha yirik madaniy tadbirlar va bayram tantanalari shu yerda o‘tkaziladi.

Amfiteatrning ochilish marosimida “Esar Jayxun shamollari” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazilishi tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti topshirildi.

Tadbir san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri