Amalga oshirilgan hamkorlik memorandumining afzalliklari
Davlat xizmati tizimi uchun raqobatbardosh, zamonaviy bilim va boshqaruv ko‘nikmalariga ega mutaxassislarni tayyorlash bugungi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada ta’lim muassasalari bilan davlat idoralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar o‘z samarasini bermoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Jizzax viloyati filiali hamda Jizzax politexnika instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat davlat xizmati uchun yuqori malakali, keng dunyoqarashli va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash, ta’lim jarayonini davlat boshqaruvi amaliyoti bilan uzviy bog‘lash hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladigan mustahkam hamkorlik poydevorini yaratdi.
Memorandumda belgilangan vazifalar inson kapitalini rivojlantirish va davlat xizmati salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, davlat xizmati uchun malakali kadrlar tayyorlash, talabalarning davlat organlari, tashkilotlar hamda yirik investitsiya loyihalarida amaliyot va stajirovka o‘tashini tashkil etish, istiqbolli yoshlarni saralab olish, ularning salohiyatini baholash va kelgusida davlat xizmatiga jalb etish ishlari tizimli asosda yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida “Yangi avlod muhandis-boshqaruvchilari” dasturini amalga oshirish, “Atom energetikasi uchun yangi avlod kadrlari” maqsadli dasturini tashkil etish, davlat xizmatchilari uchun o‘quv kurslari, malaka oshirish mashg‘ulotlari, treninglar, seminarlar hamda sertifikat dasturlarini o‘tkazish, davlat boshqaruvida uchrayotgan dolzarb muammolarga ilmiy-amaliy yechimlar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Memorandumning yana bir muhim jihati shundaki, u talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitishga keng imkoniyat yaratadi. Bu orqali yoshlar davlat xizmati, hududiy boshqaruv, sanoat tarmoqlari va investitsiya loyihalari faoliyati bilan yaqindan tanishib, zamonaviy boshqaruv tamoyillarini bevosita ish jarayonida o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lishadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini tubdan takomillashtirish, kadrlar siyosatiga ilg‘or yondashuvlarni joriy etish va professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jizzax viloyatida imzolangan mazkur memorandum ana shu strategik vazifalarning amaldagi ifodasi bo‘lib, davlat xizmati, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani yangi bosqichga olib chiqadi. Eng muhimi, u iqtidorli yoshlarni erta kashf etish, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va kelajakda mamlakat taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan rahbar kadrlarni tayyorlashda mustahkam amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Boshqaruv samaradorligi agentligining Jizzax viloyati filiali tomonidan ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan bunday hamkorlik davlat xizmati uchun bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va yuksak mas’uliyat tuyg‘usiga ega yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri