Amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi atroflicha tahlil qilindi
Bugun mehnat migratsiyasi shunchaki chet elga ish izlab ketish jarayoni emas. U mamlakat iqtisodiyoti, aholi bandligi, inson kapitali va xalqaro hamkorlikni o‘zida mujassam etgan muhim ijtimoiy-iqtisodiy tizimga aylanmoqda.
Jizzax viloyati hokimligida Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining qo‘shma majlisi o‘tkazildi. Unda senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari, mutasaddi tashkilotlar va soha mas’ullari ishtirok etishib, mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini atroflicha tahlil qilishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda migratsiya siyosati mutlaqo yangi mazmun bilan boyidi. Endi asosiy e’tibor fuqaroni chet elga jo‘natish emas, balki uni raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlash, xavfsiz mehnat muhitiga yo‘naltirish va huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilmoqda.
Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu farmon ijrosining hududlardagi amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.

Yig‘ilishda viloyat hokimligi hamda Migratsiya agentligining hududiy boshqarmasi axborotlari tinglanar ekan, aholini ish bilan ta’minlash, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish va xalqaro mehnat bozorlariga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Muhokamalar davomida bir haqiqat yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi: bugungi global mehnat bozorida bilim va malaka eng katta kapital hisoblanadi. Shu bois fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish sifatini oshirish, ularning xalqaro standartlarga mos ko‘nikmalarini shakllantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Ayniqsa, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarni huquqiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tezkor hal etish, yurtga qaytgan fuqarolarning reintegratsiyasini ta’minlash masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi. Zero, mehnat migrantining taqdiri faqat chet elda emas, Vatanga qaytganidan keyin ham davlat e’tiborida bo‘lishi zarur.
Yig‘ilishda xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, yuqori maoshli va xavfsiz ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish, yangi mehnat bozorlarini o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Bugun an’anaviy mehnat yo‘nalishlari bilan cheklanib qolmasdan, Yevropa va Osiyoning rivojlangan davlatlari bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirish muhim vazifaga aylanmoqda.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘zida viloyatdan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan 521 nafar fuqaro kasb-hunar va xorijiy tillar bo‘yicha maxsus o‘quv kurslariga jalb etilgan. Shuningdek, ular uchun chet eldagi mehnat muhiti, huquqiy talablar va madaniy moslashuv jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus tayyorlov dasturlari tashkil etilgan.
Bu raqam ortida yuzlab insonlarning taqdiri, yangi imkoniyatlarga intilishi va ertangi kunga ishonchi mujassam. Eng muhimi, migratsiya endi tasodifiy qaror emas, balki puxta tayyorgarlik, aniq maqsad va davlat ko‘magiga tayangan tizimli jarayonga aylanmoqda.
Majlis yakunida mutasaddi tashkilotlar oldiga mehnat bozorlarini yanada diversifikatsiya qilish, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘qitish qamrovini kengaytirish, xususiy bandlik agentliklari faoliyati samaradorligini oshirish hamda mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma qaror sohada boshlangan islohotlarning izchil davom ettirilishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Chunki bugun migratsiya masalasi faqat bandlik emas, inson qadri, oila farovonligi va mamlakat taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq masalaga aylangan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA