Akmal Mozgovoy terma jamoaning tayyorgarlik jarayoni va bo‘lajak qiyinchiliklar haqida to‘xtaldi
Hozirgi vaqtda terma jamoamiz a’zolari bosh murabbiy Fabio Kannavaro boshchiligida mundial oldidan so‘nggi tayyorgarlik bosqichini o‘tamoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Akmal Mozgovoy navbatdagi mashg‘ulotlar oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashib, jamoaning tayyorgarlik holati hamda Jahon chempionatidan kutilmalar borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Hozirgi vaqtda terma jamoamiz a’zolari bosh murabbiy Fabio Kannavaro boshchiligida mundial oldidan so‘nggi tayyorgarlik bosqichini o‘tamoqda. Mashg‘ulotlar jarayoniga to‘xtalar ekan, futbolchi asosiy e’tibor jismoniy va taktik harakatlarga qaratilganini ta’kidladi.
— Mashg‘ulotlarda ko‘proq jismoniy va taktik jihatlar ustida ish olib boryapmiz, — dedi Akmal Mozgovoy. — Fabio Kannavaro — boy tajribaga ega mutaxassis. U jismoniy holatimiz borasida bildirgan fikrlarida haq deb o‘ylayman. Shu sababli, ayni paytdagi tayyorgarligimiz aynan jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston terma jamoasi mundialdagi dastlabki uchrashuvini Meksika poytaxti – Mexiko shahrida o‘tkazadi. Mazkur shahar dengiz sathidan 2200 metr balandlikda joylashgani va o‘ziga xos nam iqlimga ega ekanligi futbolchilardan alohida chidamlilik talab etadi.
— Bu borada muammo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Murabbiylar shtabi barcha tashkiliy va tibbiy jihatlarni inobatga olgan holda ish tutmoqda. Balki, iqlimga moslashish jarayonida qo‘shimcha kislorod vositalaridan foydalanishimizga to‘g‘ri kelar, lekin asosiy maqsadimiz — maydonda bor kuchimizni ishga solish, — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.
Jurnalistlarning Jahon chempionatidagi imkoniyatlar haqidagi savoliga javob berar ekan, Mozgovoy jamoa g‘alaba uchun 100 emas, balki 200 foiz kuch bilan harakat qilishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u musobaqa yakunida jahon futboli yulduzi Krishtianu Ronaldu bilan libos almashish istagi borligini ham yashirmadi.