O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi CAFA chempionligini tantana qildi!
Hal qiluvchi bahsda maydonga tushgan O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi mezbonlar ustidan ishonchli va yirik zafar quchdi.
Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tomonidan Tojikistonda tashkil etilgan CAFA U-20 Women’s Championship 2026 musobaqasi o‘z nihoyasiga yetdi. Hal qiluvchi bahsda maydonga tushgan O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi mezbonlar ustidan ishonchli va yirik zafar quchdi.
O‘yin davomida to‘liq ustunlikka erishgan vakillarimiz raqib darvozasiga javobsiz 7 ta gol yo‘llashdi. Dastlabki bo‘limning o‘zidayoq Nargiza Mamataliyeva hisobni ochgan bo‘lsa, Shahzoda Alixonova dubl qayd etib, ustunlikni mustahkamladi. Taym yakuniga qadar jamoa sardori Shahnoza Dekanboyeva ham o‘z nomini tablo yozdirib qo‘ydi va tanaffusga 4:0 hisobida chiqib ketildi.
Ikkinchi bo‘lim ssenariysi ham o‘zgarishsiz qoldi. Sevinch G‘ulomova burchak to‘pidan uzatilgan to‘pni muvaffaqiyatli yakunlab, hisobni yiriklashtirdi. Ko‘p o‘tmay, Yodgora Yusupova belgilangan penaltini aniq amalga oshirgan bo‘lsa, 78-daqiqada Mariya Daxova o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi — 7:0.
Hamyurtlarimiz ilk turda Qirg‘izistonni 1:0 hisobida mag‘lub etib. Ikkinchi turda Eron bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi.
Shu tariqa, Viktoriya Sirota boshqaruvidagi qizlarimiz musobaqadagi uchta o‘yinda 7 ochko jamg‘arib, CAFA U-20 chempionati bosh sovrinini qo‘lga kiritishdi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishdi.