Aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Mamlakatimizning mustaqillikka erishgan kuni yurtimizda muhim sanalardan biri hisoblanadi. Shu kunlarda O‘zbekistonning 35 yillik yubileyi keng shodiyona qilinmoqda. Ana shunday aziz bayram oldidan davlatimizning bosib o‘tgan yo‘lini sarhisob qilish, kelajak rivojlanish strategiyalarini belgilab chiqish alohida o‘rin egallaydi. “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi, unda "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!" degan bosh g‘oya ilgari surilib, u jamiyatni birlashtiruvchi, fuqarolarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlovchi asos sifatida belgilangani dolzarb ahamiyatga ega. Ayni kunlarda mazkur g‘oya asosida joylarda turli tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi N.Halimov ishtirokida Shahrisabz tumanining "Mevazor" mahallasida o‘rganishlar olib borildi va aholi bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Bu uchrashuvdan maqsad — tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ushbu mahallada istiqomat qilayotgan aholi vakillarini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlash.
Uchrashuv davomida viloyat hamda tuman Kengashi raislari mahalla hududida faoliyat yuritayotgan "Dasturchi avlod Akademiyasi" MCHJda bo‘lib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Korxonada 650 kvadrat metr maydonda barpo etilgan ikki qavatli kasb-hunarga o‘qitish va inkubatsiya markazi faoliyat yuritmoqda. Mazkur maskanda tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, buning natijasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, 2016-yil 5-oktabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlantirishni ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashda muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida partiya vakillari yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek, uchrashuv davomida mahalla aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fuqarolarning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi, tegishli takliflar bildirildi.
Soliha Abdug‘afurova,
O‘zbekiston Milliy universiteti
Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi