Bilim va mahorat — samarali ish garovi
Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan kadrlar va mas’ul xodimlar uchun navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda kadrlar bilan ishlash va inson resurslarini boshqarish, yuridik masalalar va me’yoriy-huquqiy talablar, ERP tizimidan samarali foydalanish va raqamlashtirish, PR, axborot faoliyati hamda media-monitoring kabi dolzarb yo‘nalishlar haqida so‘z yuritildi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga nazariy ma’lumotlar bilan bir qatorda amaliy tavsiyalar ham berildi. Xususan, kadrlar bilan samarali ishlash, hujjatlarni to‘g‘ri yuritish, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va axborotni jamoatchilikka tezkor hamda sifatli yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi.

Seminarda Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish sho‘’basi boshlig‘i Xonzoda Abdusamatova, bosh yuriskonsult Dilfuza Risbayeva, AKTni joriy etish va raqamlashtirish sho‘’basi bosh mutaxassisi Damir Musin hamda matbuot kotibi Anvar To‘ychiyev o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ishtirokchilarga zarur ma’lumot va tushuntirishlar berdi.


Ayniqsa, bugungi kunda har bir sohada raqamlashtirish jarayonlari jadal kechayotgani inobatga olinib, ERP tizimidan samarali foydalanish va ish jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish masalalariga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash, jamoatchilikka axborot yetkazishda tezkorlik va mas’uliyat masalalari ham muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri