Aholi banklarga 10 milliard dollardan ortiq valyuta sotdi
O‘zbekiston ichki valyuta bozorida 2026-yilning yanvar–may oylari davomida ijobiy tendensiyalar kuzatildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan talabi hamda taklifi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshgan.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning dastlabki besh oyida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan jami talabi 25,7 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga yuqori bo‘lib, o‘tgan yilning yanvar–may oylarida mazkur raqam 21,4 milliard dollarga teng bo‘lgan.
Talab tarkibi tahlil qilinganda, yuridik shaxslar tomonidan 20,2 milliard dollarlik, jismoniy shaxslar tomonidan esa 5,5 milliard dollarlik chet el valyutasi xarid qilingani qayd etilmoqda. Bu mamlakat iqtisodiyotida tashqi savdo operatsiyalari va aholining valyuta bozoridagi faolligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, valyuta taklifi ham yuqori sur’atlarda o‘sgan. Hisobot davrida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taklif etilgan chet el valyutasi hajmi 22,3 milliard dollarga yetdi. Bu esa 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 5 milliard dollar yoki 28,6 foizga ko‘pdir.
Xususan, aholi tomonidan tijorat banklariga 10,2 milliard dollar sotilgan bo‘lsa, yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta mablag‘lari 12,1 milliard dollarni tashkil etgan. Mutaxassislar bu holatni aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchi ortishi hamda valyuta operatsiyalarining ochiq va qulay tartibda amalga oshirilayotgani bilan izohlamoqda.
Tahlil qilinayotgan davrda milliy valyuta kursining barqarorligi ham saqlanib qoldi. AQSH dollarining almashuv kursi 11 ming 938 so‘mdan 12 ming 320 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda harakatlanib, yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qolgan.
Shuningdek, valyuta kursi tebranuvchanligi o‘rtacha 30 so‘m yoki 0,25 foizni tashkil etdi. Taqqoslash uchun 2025-yilning yanvar–may oylarida ushbu ko‘rsatkich 17,3 so‘m yoki 0,13 foiz bo‘lgan. Bu valyuta bozoridagi faollik ortishiga qaramasdan, kursning nisbatan barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, valyuta bozorida talab va taklif hajmlarining mutanosib o‘sishi tashqi iqtisodiy faollik kengayayotgani, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmi ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa mamlakat moliya bozori barqarorligini ta’minlash va milliy valyutaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA