Soliq qo‘mitasi bank kartalaridagi yirik pul tushumlari haqida ma’lumot olinishiga izoh berdi
So‘nggi kunlarda banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi jamoatchilik orasida keng muhokama qilinmoqda. Shu munosabat bilan Soliq qo‘mitasi mazkur hujjatning huquqiy asoslari va amaliy ahamiyati yuzasidan rasmiy tushuntirish berdi.
Ta’kidlanishicha, ayrim ommaviy axborot vositalarida qaror loyihasi jismoniy shaxslarning bank omonatlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor etishga qaratilgan tashabbus sifatida talqin qilinmoqda. Biroq, bunday yondashuv hujjatning asl mazmun-mohiyatini to‘liq aks ettirmaydi.
Qaror loyihasida amaldagi qonunchilik talablari asosida banklar va soliq organlari o‘rtasida axborot almashinuvining yagona qoidalarini belgilash nazarda tutilgan. Xususan, soliq nazorati maqsadlari uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari hamda elektron formatlari aniqlashtirilmoqda.
Muhimi, mazkur hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi va fuqarolar yoki tadbirkorlarning bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini yaratmaydi. Banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlarda va belgilangan tartib asosida taqdim etadi.
Soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, soliq organlarining bu boradagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan. Shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, bank mijozining soliqqa tortish bilan bog‘liq ma’lumotlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi mumkin.
Bunda soliq organlari tomonidan olingan barcha ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi. Ularni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga berish yoki belgilangan maqsaddan tashqari foydalanish qonun bilan qat’iy taqiqlangan.
Ekspertlar fikricha, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi shaffof va tizimli axborot almashinuvi soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda davlat byudjeti daromadlarining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, bunday axborot almashinuvi mexanizmlari xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlarida mazkur tizim soliq sohasida shaffoflikni ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha Global forumga a’zo bo‘lishi ham ushbu sohada aniq va ochiq qoidalarni joriy etishni taqozo etmoqda.
Ayni paytda qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan bo‘lib, Soliq qo‘mitasi fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillarini muhokamalarda faol ishtirok etishga chaqirmoqda.
Kelib tushgan taklif va mulohazalar hujjatni takomillashtirishning keyingi bosqichlarida atroflicha ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi. Bu esa qarorning hayotga tatbiq etilishida manfaatdor tomonlarning fikr va takliflari inobatga olinishini ta’minlaydi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA