Ahmad al-Farg‘oniy – o‘rta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim
24 oktyabr — Ahmad al-Farg‘oniy yodgorligi ochilgan kun
O‘rta asrlarda musulmon o‘lkalari an’anasiga binoan mamlakat poytaxti yoki markazini ismlarga qo‘shib aytish odat tusiga kirgan. Ba’zi arab mamlakatlarida bu odat hozir ham saqlanib qolgan. Bu ulug‘ allomalarimizda ko‘p uchraydi. Xususan, Al-Buxoriy, Al-Forobiy, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy kabi...
Darhaqiqat, butun dunyo ulug‘ ajdodlarimiz qatorida qomusiy olim Ahmad Farg‘oniyning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini yuksak qadrlaydi va uni voyaga yetkazgan zaminga alohida ehtirom bilan qaraydi.
To‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniy bo‘lgan olim Farg‘ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan.
O‘rta asrlardagi musulmon mamlakatlari astronomlarining, jumladan, ulug‘ vatandoshimiz al-Farg‘oniyning fanga qo‘shgan muhim hissasi shundan iboratki, yillar, asrlar o‘tishi bilan sayyoramiz o‘lchamlari, shaharlarning jug‘rofiy koordinatalari osmon ekvatori va ekliptika orasidagi burchakni, Quyosh, Oyning aylanish davrlari, ularning tutilishini, Quyosh, Oy va sayyoralar harakatlarini tavsiflashga doir hisoblashlarga tobora ko‘proq aniqliklar kiritdi.
Uning yuksak zakovati bilan bu harakatlarning handasaviy (geometrik) modeli takomillashtirildi, qo‘zg‘almas yulduzlar o‘lchamlari, ularning ekliptik koordinatalarini hisoblashga doir bir qator muammolar hal etildi, o‘nlab kashfiyotlar qilindi.
Ahmad al-Farg‘oniy O‘rta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim sifatida manbalarda, so‘nggi G‘arb va Sharq mualliflari asarlarida, o‘z yurti O‘zbekistonda iftixor bilan tilga olinadi.
Yevropada Al-Fraganus nomi bilan shuhrat qozongan olim astronomiya, matematika va geografiya fanlariga oid ko‘plab ilmiy asarlar yozib qoldirdi. U Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va o‘rnini aniqlash, yangicha zij (astronomik jadval) yaratish ishlariga rahbarlik qilgan hamda 832-833 yillarda Suriya shimolidagi Sinjor dashtida Tadmur va ar-Raqqa oralig‘ida yer meridiani bir darajasining uzunligini aniqlashda qatnashgan, shuningdek, “Miqyosi Nil”, ya’ni suv sathini o‘lchaydigan asbob yaratgan.
YUNESKO qaroriga muvofiq 1998 yil Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi va shu yili 24 oktyabr kuni Farg‘ona shahrida Ahmad al-Farg‘oniy yodgorligi ochildi. Bu buyuk ajdodimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi xalqimiz ilmiy salohiyatining yana bir e’tirofi bo‘ldi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA