AFP O‘zbekistonda byuro ochishga qiziqish bildirdi
Dunyoning yirik axborot agentliklaridan biri - Agence France-Presse (AFP) O‘zbekistonda muxbirlik byurosini ochishga qiziqish bildirdi.
Fransiyaning Agence France-Presse (AFP) axborot agentligi O‘zbekistonda o‘z muxbirlik byurosini ochishga qiziqish bildirdi. Bu haqda Fransiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasining agentlik vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilingan.
Uyushma raisi Shuhrat Oripovning ma’lum qilishicha, muloqotda raqamli jurnalistika, faktcheking va axborot ishonchliligini ta’minlash masalalari muhokama qilingan. O‘zbekistonlik jurnalistlarni xorijiy agentlikning o‘quv kurslari orqali faktlarni tekshirish va sun’iy intellekt bilan ishlashga o‘rgatish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishilgan.

Ushbu agentlikning Digital Courses platformasida jurnalistlar va jurnalistika talabalari uchun bepul onlayn kurslar mavjud bo‘lib, ular axborot manbalarini tekshirish, foto va videolarning aslini topish, tasvir qayerda olinganini aniqlash, ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot izlash hamda internetda xavfsiz ishlash ko‘nikmalarini qamrab oladi. Kursni yakunlaganlarga sertifikat beriladi.

—Agentlik sun’iy intellekt yaratgan kontentni aniqlash va tekshirishga bag‘ishlangan alohida kursni ham ishga tushirgan. Unda jurnalistlarga sun’iy intellektdan foydalanishdagi yaxshi amaliyotlar, soxta kontent turlari va ularni tekshirish usullari amaliy mashqlar orqali o‘rgatiladi. Biz ham ayni shu tajriba asosida o‘zbek OAVlari uchun kurslar tashkil etish niyatidamiz, — deydi Shuhrat Oripov.
Ma’lumot uchun, AFP — dunyoning uchta yirik axborot agentligidan biri. Agentlikning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, uning xalqaro tarmog‘i 210 ta byuroni qamrab oladi, xabarlar esa olti tilda yoritiladi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA