Aniq natija mezon bo‘ladi
Buxoro viloyatida bitiruvchi va ishsiz yoshlarning haqiqiy bandlik holatini o‘rganish, ularni munosib ish bilan ta’minlash va har bir yosh taqdiriga manzilli yondashish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishni viloyat hokimi Botir Zaripov boshqardi.
Bugun yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi shunchaki statistik ko‘rsatkich emas. Bu — oilaning ertangi daromadi, yosh insonning hayotda o‘z o‘rnini topishi, uning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi bilan bog‘liq muhim ijtimoiy masaladir. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga kasb o‘rgatish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va har bir yoshga manzilli yondashishga qaratilgan tashabbuslar Buxoro viloyatidagi ishlar uchun ham asosiy mezon bo‘lib xizmat qilmoqda. Yig‘ilishda aynan shu yondashuvdan kelib chiqib, qog‘ozdagi hisobotdan ko‘ra, amaldagi natija ustuvor bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Ma’lumotlarda yosh ish bilan ta’minlangan deb ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Ammo uning amalda qayerda va qanday mehnat qilayotgani, rasmiy yoki norasmiy bandligi, olgan daromadi, kasbiga mos ishda ishlayotgani, umuman, mehnat faoliyatidan qoniqishi kabi masalalar joyiga chiqqan holda o‘rganilmasa, statistik raqam real manzarani to‘liq aks ettirmaydi. Shu bois yig‘ilishda bitiruvchi va ishsiz yoshlar bandligiga oid ma’lumotlarning haqqoniyligini ta’minlash, har bir yosh bilan alohida ishlash va aniq amaliy natijaga erishish vazifasi qo‘yildi.

Bunda har bir yoshning holati tegishli hujjatlar va bevosita suhbatlar asosida o‘rganilishi, ishga joylashmagan yoshlarni asossiz ravishda statistik hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilandi.
Yig‘ilish yakunida shahar va tuman hokimlariga “mahalla yettiligi” a’zolarini jalb qilgan holda bitiruvchi va ishsiz yoshlarni qayta xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Endi har bir yosh bo‘yicha uning yashash manzili, bandlik holati, kasbi, ishlash istagi, qanday ko‘nikmaga ega ekani va ishsizligiga sabab bo‘layotgan muammolar aniqlanadi. Eng muhimi, bu jarayon faqat ro‘yxat tuzish bilan cheklanmaydi. Har bir aniqlangan muammo bo‘yicha yechim ham belgilanishi kerak. Agar yosh ish izlayotgan bo‘lsa — unga munosib bo‘sh ish o‘rni topiladi. Kasbi yetarli bo‘lmasa — qayta tayyorlash yoki kasb-hunarga o‘qitish choralari ko‘riladi. Tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lsa — mavjud imkoniyatlar asosida uning tashabbusi qo‘llab-quvvatlanadi. Mustaqil mehnat qilish istagidagi yoshga esa o‘zini o‘zi band qilish mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak beriladi.

Demak, maqsad raqamni kamaytirish emas, ishsizlikning o‘ziga sabab bo‘layotgan omilni bartaraf etishdan iborat.
Mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga har bir yosh bo‘yicha zarur ma’lumotlarni shakllantirish, tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan yig‘ma jildlarni tayyorlash va haqiqatan ishsizligi aniqlangan yoshlar uchun shaxsiy bandlik rejalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Bu esa yoshlar bilan ishlashda “umumiy yondashuv”dan voz kechib, “bir yosh — bir taqdir — bir aniq yechim” tamoyilini qaror toptirishni anglatadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri