Adolat tamoyillariga sadoqati alohida e’tirof etildi
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sud tizimi faxriysi Rahmonberdi Norqo‘ziyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlar qalbida adolat, vatanparvarlik va halollik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda sud tizimi vakillari, nuroniylar, mahalla faollari, pedagoglar, o‘quvchi yoshlar, shuningdek, Rahmonberdi Norqo‘ziyevning yaqinlari va shogirdlari ishtirok etdilar. Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni yanada mustahkamladi.
Uchrashuv davomida Rahmonberdi Norqo‘ziyevning sud-huquq tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnat faoliyati, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga sadoqati alohida e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, u 1988-yilda oliy ta’lim muassasasini tamomlab, mehnat faoliyatini Xovos tuman sudida sud majlisi kotibi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik sud tizimida turli mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritib, o‘zining bilim va tajribasi, halolligi hamda insonparvarligi bilan jamoatchilik hurmatiga sazovor bo‘lgan.
Tadbirda maktabda tashkil etilgan “Bizning faxrimiz” burchagi ham ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Unda Rahmonberdi Norqo‘ziyevning hayoti va mehnat faoliyatiga oid materiallar joylashtirilgan bo‘lib, bu o‘quvchilar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘taydi.

Sud faxriysi yoshlar bilan suhbatda o‘zining bolalik va maktab yillari, hayotdagi qiyinchiliklar va ularni yengib o‘tish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
– Har qanday muvaffaqiyat zamirida mehnat, sabr va intilish turadi. Inson doimo o‘z ustida ishlasa, bilim olishdan to‘xtamasa, albatta, maqsadiga yetadi. Men uchun eng buyuk maktab — shu ta’lim dargohi bo‘lgan. Bu yerda olgan bilim va tarbiyam hayotimda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi, – dedi Rahmonberdi Norqo‘ziyev yoshlar bilan suhbat chog‘ida.

Tadbir davomida o‘quvchilar sud faxriysi bilan ochiq muloqot qilib, uning hayot tajribasi, mehnat faoliyati va muvaffaqiyat sirlari haqidagi fikrlarini qiziqish bilan tingladilar.
– Sud faxriylarining bosib o‘tgan hayot yo‘li, kasbiga sadoqati hamda adolat va insof yo‘lidagi mehnati o‘quvchilar uchun katta tarbiya maktabidir. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarda o‘z kelajagiga ishonch uyg‘otib, ularni ezgu maqsadlar sari ruhlantiradi, – dedi tadbirda ishtirok etgan maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Tolisjon Dodoyev.
Tadbir yakunida sud faxriysi tomonidan maktabning faol va a’lochi o‘quvchilariga kitoblar taqdim etildi. Shuningdek, viloyat sudi tashabbusi bilan ta’lim muassasasi kutubxonasiga badiiy adabiyotlar jamlanmasi hamda sport jihozlari sovg‘a qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri