Adliya: Chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin
Adliya vazirligi kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Xususan, chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalar – nominal qiymati va daromadi chet el valyutasida ifodalangan obligatsiya egasining obligatsiyaning nominal qiymati va emissiya risolasida nazarda tutilgan daromadni olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz hisoblanadi.
O‘zbekiston rezidenti va “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi bo‘lgan hamda yillik moliyaviy hisobot bo‘yicha mustaqil auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar chet el valyutasidagi obligatsiyalarni chiqarishi mumkin.
Bunda, bitta emitent tomonidan valyuta obligatsiyalari chiqarilishlarining umumiy summasi 50 million AQSH dollari ekvivalentidan oshmasligi zarur.
Valyuta obligatsiyalari ta’minlangan yoki ta’minlanmagan holda chiqarilishi mumkin.
Valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarishga ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi emitentning o‘z kapitali miqdori doirasida yo‘l qo‘yiladi. Emitentning o‘z kapitali miqdoridan oshib ketgan taqdirda, emitent valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarish uchun oshib ketgan summa miqdoriga ta’minot taqdim etishi shart.
Valyuta obligatsiyalarini chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi, shuningdek valyuta obligatsiyalarining daromadlarini to‘lash va so‘ndirish ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA