Adabiyot muzeyida qanday jarayonlar kechmoqda?
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi bilan bog‘liq bahs-munozaralar tobora kuchaygani hech kimga sir emas. Rosti poytaxtning Navoiy ko‘chasidagi Alisher Navoiy nomli metro bekati, ulug‘ mutafakkirning haykali, Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi va unga tutash hududdagi so‘lim “Shoirlar xiyoboni” bir paytlar yaxlit majmuani tashkil etgani, bu go‘sha adabiyot, ma’rifat, ma’naviyatning o‘ziga xos fayzli maskani bo‘lgani hech kimga sir emas.
Poytaxt jamoatchiligining shu kunlarda har qachongidan ham ko‘proq diqqat markaziga tushib qolgan ushbu muzeyda bugun qanday jarayonlar kechmoqda? Shu savolga oydinlik kiritish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida bo‘ldik.
Atoqli olim Hamid Sulaymon tomonidan 1968-yilda asos solingan ushbu muzeyning ashyolari fidoyi va ma’rifatparvar olimning sa’y-harakatlari bilan jahonning turli davlatlaridan to‘plangani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Yillar davomida muzey fondining bir qismi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutiga o‘tdi. Bino qanchalik mukammal bo‘lsa-da, undagi yong‘inga qarshi tizim, elektr kabellar eskirgan, nodir qo‘lyozmalar, badiiy asarlarga chindan ham putur yetishi xavfi yuqori. Muzeydagi mavjud fond esa maqbul harorat, yorug‘lik va namlikni saqlash kabi normal me’yoriy holatlarni talab etadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu muzeydagi sharoitlar bilan tanishgach, undagi eksponatlar, nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlarni saqlash uchun sharoitlar mavjud emasligi ayon bo‘lgandi. Ayrim manbalarda mazkur binoning 1933-1936-yillarda qurilgani, boshqa manbalarda esa bino 1939-yilda barpo etilgani haqida ma’lumotlar keltiriladi. G‘oyat mustahkam bo‘lgan, 1966-yilgi Toshkent zilzilasiga bardosh bergan binoning qurilishi yillarini inobatga olsak, chindan ham bino ichki ta’mir va rekonstruksiyaga muhtojligi ayon bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga ko‘ra, muzey Yangi Toshkentda ish boshlashi ko‘zda tutilgan. Ungacha muzey fondini xatlovdan o‘tkazish, uni bezavol asrab qolish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur muzey direktori, filologiya fanlari doktori Shahnoza Nazarovaning ta’kidlashicha, muzeyda eksponatlarni saqlab qolish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Zero, mamlakatimizdagi mavjud muzey qonunchiligiga muvofiq muzeydagi har bir qo‘lyozma, har eksponat xalqning madaniy merosi hisoblanadi.
– Muzey yopilgani yo‘q, – dedi Shahnoza Nazarova. – Xodimlar shtatining birortasi ham qisqargani yo‘q. Ularning hammasi oylik maosh olib ishlayapti. Faqat muzeyning bir tomoni, ya’ni tomoshabinlar kiradigan tomoni yopilgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi o‘z ko‘lami, noyobligi, ahamiyati bilan nainki mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda, ehtimolki turkiy dunyoda yagona muzey sanaladi. Muzeyning boshqa moziygohlardan farqli jihati – bu yerda keng qamrovli ilmiy va ekspozitsiya bo‘limi mavjud. Bu yerda mahalliy va xorijlik tadqiqotchilar uchun ham muzeyning g‘oyat boy fondidan foydalanish, ilmiy tadqiqotlar uchun imkoniyat bor.
Mutaxassislarning fikricha, aslida har qanday muzey xatlov jarayonlarida yopiladi. Sababi muzeyga tashrif buyuruvchilar nodir qo‘lyozma, toshbosma asarlari, arxiv hujjatlari, adabiy arxiv materiallarini xatlovga olishga xalaqit qilmasligi kerak.
Muzeyda milliy adabiyotimiz tarixiga oid nodir qo‘lyozmalar, toshbosma asarlar bilan birga O‘zbekiston yozuvchi va shoirlari, adabiyotshunoslarining arxivlari ham bor. 187 nafar ushbu ijodkorlar orasida Hamza Hakimzoda Niyoziy, Cho‘lpon, Botu, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Rauf Parfi va boshqa ijodkorlarga taalluqli arxiv materiallari, qo‘lyozma asarlar bor. Arxiv materiallarini o‘rganish adabiyotimiz xazinasini yangi asarlar bilan boyitishda, mualliflar ijodi namunasining asliyati bilan tanishtirishda katta imkoniyatlar ochadi. Xususan, ijodkorlarning arxiv materiallari, qo‘lyozmalarini puxta o‘rganish natijasida Cho‘lponning “Zamona xotini” nomli pesasi qo‘lyozma varianti topildi. Muallifning o‘z qo‘llari bilan yozilgan qo‘lyozmalar, turli arxiv materiallari asosida sof original matn tiklanadi. Hozirda Hamzaning o‘z qo‘li bilan yozgan matnlarini tiklash ustida izlanishlar olib borilmoqda. Vaholanki, Hamza asarlarining mazmuni sho‘rolar tizimi davrida atayin buzib talqin etilgani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum.
Shuni aytish kerakki, ayni paytga qadar 1 491 dona toshbosma manba, 439 ta papkadagi foto-nusxalar, 145 ta papkadagi plyonka va negativlar, shuningdek, 1 416 512 ta hujjatni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi birlamchi xatlovdan o‘tkazildi. Hozirda muzey eksponatlarini birlamchi xatlovdan o‘tkazish ishlari izchil davom etmoqda.
Muzey ashyolarining bus-butunligini ta’minlash maqsadida noyob 847 ta qo‘lyozma ichki ishlar, yo‘l-patrul xizmati xodimlari, DXX, Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mas’ul xodimlari hamrohligida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga vaqtinchalik saqlov uchun o‘tkazilgan.
Garchi bino Adabiyot muzeyi balansida bo‘lsa-da, unga bezak berish, ta’mirlash yoki rekonstruksiya ishlarini olib borish Madaniy meros agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli ham binodagi hatto eng kichik o‘zgarishlarni, masalan, romlarni almashtirish uchun ushbu agentlikning ruxsati kerak bo‘ladi.
Bugungi kunda muzeyda olib borilayotgan birlamchi xatlovdan o‘tkazish ishlari milliy adabiyotimiz tarixi, undagi jarayonlar haqida to‘laqonli ma’lumot beruvchi mazkur muzeyning ashyolarini to‘kis va bezavol saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarning bir qismidir. Faqat qayta-qayta ko‘chirish ishlari manbalarga, ashyolarga zarar yetishiga sabab bo‘lmasa bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri