O‘zbekiston – Islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug‘ sahifalardan biri
Mamlakatimizda tashkil etilgan «I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» mavzusidagi forum ona diyorimiz azaldan ilm va ma’rifat izlab dunyoning turli burchaklaridan odamlar intilib kelgan muqaddas zamin ekanini yana bir bor tasdiqladi. Forum ishtirokchilarining fikr-mulohazalari bilan tanishar ekanmiz, bu haqiqatga yana bir karra ishonch hosil qilamiz.

Muhammad bin Abdulkarim al-Issa, Musulmonlar Jahon Ligasi bosh kotibi (Saudiya Arabistoni):
— O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng buyuk islom sivilizatsiyasi davlatlaridan biridir. Samarqand Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi, islom me’morchiligi taraqqiyotida markaziy o‘rin tutgan shaharlardan biri hisoblanadi.
Biz yaxshi bilamiz va bundan mamnunmizki, O‘zbekiston xaritadagi oddiy davlat emas. U islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug‘ sahifalardan biridir. Samarqanddan Buxorogacha, Registondan Imom Buxoriy ziyoratgohigacha bo‘lgan barcha tarixiy yodgorliklar shu haqiqatni namoyon etadiki, bu zamin insoniyat ilm-fani va ma’naviy ongi uchun yuksak ziyo maskanlarini barpo etgan buyuk ummatning merosidir.
Bugun ana shu buyuk merosni yodga olar ekanmiz, bizning mas’uliyatimiz faqat o‘tmish bilan faxrlanishdan iborat emas. Balki ilm va amal orqali, yuksak islomiy qadriyatlarga tayangan holda, sivilizatsiya ruhini bugungi hayotimizda qayta jonlantirishdir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining islomiy, ilmiy va madaniy merosni qayta tiklash, uni asrab-avaylash hamda butun dunyoga tanitish borasidagi yuksak sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etamiz. Bu borada muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarining xizmatlari beqiyosdir. Alloh taolo u kishining sa’y-harakatlarini muborak qilsin va ular orqali el-yurtga manfaat ato etsin.
Biz Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishini islom olamidagi eng yirik ilmiy va madaniy maskanlardan biri sifatida yuksak qadrlaymiz. Shuningdek, Samarqand shahrida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilganini ham yuksak baholaymiz. Ayniqsa, ushbu markazda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini tadqiq etishga qaratilgan ilmiy ishlar alohida ahamiyatga egadir.

Shayxulislom Olloshukur Poshozoda, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, muftiy:
— O‘zbekiston doim qalbimda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning rivojlanishida ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari va amaliy sa’y-harakatlari muhim o‘rin egallaydi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar butun dunyoda e’tirof etilmoqda.
Islom dunyosining buyuk allomalari merosini dunyoga tanitishda Yaratgan doimo O‘zbekistonga madadkor bo‘lsin. Movarounnahrning markazi bo‘lgan O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining ezgu orzu-umidlarini o‘zida mujassam etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan islom dinining ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etishi, Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalari islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissa haqida bildirgan fikrlari bizda katta g‘urur uyg‘otadi.

Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd, Makka shahridagi «Masjid al-Harom» bosh imomi:
— Bu yerda ko‘rganlarim va eshitganlarim menda katta mamnuniyat uyg‘otdi. Bunday ulkan ishlarni amalga oshirayotgan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman. O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlar bugungi kunda haqiqiy Uyg‘onish ruhini namoyon etmoqda.
Zero, islom sivilizatsiyasi asrlar davomida shakllangan, ilmni imon bilan, huquqni axloq bilan, erkinlikni mas’uliyat bilan bog‘lagan hayot tarzi va ma’naviy tizimdir.
Ushbu sivilizatsiya bayrog‘i ostida mufassirlar, muhaddislar, faqihlar, muhandislar, falakshunoslar, tilshunoslar va tarixchilar faoliyat yuritgan. Ular ilmni rivojlantirish, yerni obod qilish, inson manfaatiga xizmat qilish hamda jamiyatda adolatni qaror toptirish yo‘lida mehnat qilganlar.
Sivilizatsiya faqat so‘zlar bilan barpo bo‘lmaydi. U solih inson, ilmiga amal qiluvchi olim, adolatli rahbar, omonatdor tadbirkor, ixlosli muallim va halol mehnat bilan yuksaladi. O‘zbekistonda esa ana shu yuksalish mezonlari hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.