Adabiyot, jurnalistikada o‘z so‘ziga ega ijodkor
Taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev yoshlardan yordamini ayamaydigan, ularga hamisha to‘g‘ri yo‘nalish beradigan, o‘zining qat’iy pozitsiyasi, prinsip va qarashlariga ega bo‘lgan fidoyi ijodkorlardan sanaladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ustoz ijodkor tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Husan Ermatov, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Orif, adabiyotshunos olim Abdulla A’zam va boshqalar Ahmadjon Meliboyevning milliy ma’naviyat, ma’rifat, adabiyot, matbuot rivoji yo‘lidagi zahmatli va beminnat mehnatlari xususida batafsil to‘xtaldi.
[gallery-28355]
– Ahmadjon aka hamisha yaxshi ijodiy g‘oyalarga tashabbuskor bo‘lib, ijodkorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishda qo‘lidan kelganicha yordamini ayamaydigan inson, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – 90-yillar boshlarida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining juda katta tirajda chiqishida, unda jamiyat hayotining eng dolzarb va og‘riqli masalalari ko‘tarilgan publitsistik materiallar, she’riyat namunalarining chop etilishida Ahmadjon akaning hissalari beqiyos. Haqiqiy ijodiy intizomni Ahmadjon akadan o‘rganish mumkin. Biz universitetda o‘qib yurgan kezlarimizda Ahmadjon Meliboyevning chinakam dorilfununini o‘tganmiz. Bunday yorug‘ kunlarni ko‘rish ko‘plab ustozlarimizning orzusi bo‘lgan. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda Ahmadjon akaning asarlari juda ulkan ma’naviy qo‘rg‘ondir.
– Ahmadjon Meliboyev publitsist, tarjimon, shoir, Yozuvchilar uyushmasi publitsistika kengashining raisi sifatida serqirra faoliyat olib borayotgan shaxs, – dedi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. – O‘zbekiston Milliy universitetining eng ta’sirli, talabalar yaxshi ko‘radigan ustozlaridan sanaladi. Ahmadjon aka adabiyotda so‘zi bor odam sifatida o‘z fikrlarini bayon etadi.
Ahmadjon Meliboyevning “Bir zaminda yashaymiz”, “Umidli dunyo”, “Yolg‘iz yashab bo‘lmaydi”, “Hushtakni kim chaladi?”, “Umr – uchar yulduz”, “Torning cho‘michdan farqi”, “Suvora sog‘inchi”, “Qirq beshinchi bekat”, “Qabohat to‘ri”, “Rizq daraxti”, “O‘zingni o‘zing boshla” nomli publitsistik to‘plamlari, “O‘ng‘or ertaklari”, “Safed Buloq hikoyalari” nomli nasriy asarlari, yosh jurnalistlar uchun 6 ta o‘quv qo‘llanmasi e’lon qilingan.
Ahmadjon Meliboyev milliy jurnalistikamizga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning 2004-yili “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi tahririyatida tashkil etilgan “Mahorat maktabi” bugun o‘z faoliyatini O‘zbekiston Milliy universitetida davom ettirmoqda. Shu yillar ichida ushbu maktabda ko‘plab jurnalistlar tahsil oldi. Tajribali ustoz sifatida Ahmadjon aka o‘zi rahbarlik qilayotgan “Mahorat maktabi”da iqtidorli talabalar va yosh o‘qituvchilarga mahorat sirlarini o‘rgatmoqda.
Shu kungacha milliy matbuotimizda Ahmadjon akaning dolzarb mavzudagi mingga yaqin maqolasi e’lon qilingan. Deyarli har haftada ustoz jurnalistning milliy ma’naviyatimizga oid yangi maqolasini milliy matbuot sahifalari orqali o‘qish mumkin.
Ahmadjon Meliboyev 2018-yilda oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi pedagog” respublika tanlovida, 2019-yilda “Oltin qalam” milliy tanlovida g‘olib bo‘lgan.
O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasining rahbari. Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro ilmiy akademiya a’zosi. Keyingi ikki yil ichida Qirg‘iziston va Belarus davlat universitetlarida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid ilmiy ma’ruzalar qilgan. Uning “Chingiz Aytmatov: Davr. Inson. Haqiqat” monografiyasi chop etilgan. 2020-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adib va jamiyat” ruknida uning “Tojdor ajal hamlasi yoxud dunyoni larzaga solgan 40 kun” nomli salmoqli publitsistik kitobi chop etildi.
Tadbirda ustozning faoliyati, insoniy fazilatlari, kasbiga, shogirdlariga jonkuyarligi haqida so‘z yuritildi. Ustoz ijodkorga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari