MDH makonida xavfsizlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbir doirasida delegatsiya rahbarlarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon qabul qildi.
Uchrashuvda xalqaro maydonda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, kiberxavfsizlik, noqonuniy migratsiya va turistlar xavfsizligini ta’minlash sohalarida hamkorlik mexanizmlarining samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tojikiston davlat rahbari MDH davlatlarining o‘zaro iqtisodiy va siyosiy hamkorligi, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish yo‘nalishidagi aloqalari takomillashib, yuqori darajaga ko‘tarilayotganidan mamnunlik bildirib, bu masalada mintaqaviy hamjihatlik va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Ichki ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi bilan birgalikda xalqaro hamkorlar Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston ichki ishlar vazirliklari rahbarlari, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashni muvofiqlashtirish Byurosi, Hamdo‘stlik mamlakatlarining Ijroiya qo‘mitasi va Aksilterror markazi mas’ullari qatnashdi.
Tomonlar MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor masalalarini, shuningdek, MDH mamlakatlari ichki ishlar vazirliklari kengashi doirasida qabul qilingan 2029 - 2033-yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar bo‘yicha Davlatlararo dasturini amalga oshirishga doir masalalarni muhokama qildi.

Tadbir jarayonida bir qator masalalar yuzasidan tegishli hujjatlar imzolandi. Ularda mintaqa ichki ishlar organlarining axborotlarni elektron almashish sohasidagi hamkorligi, jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida genom ma’lumotlarini almashish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlarni takomillashtirish, shaxslarni davlatlararo qidiruvni amalga oshirishdagi hamkorligini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlar bilan kurashish borasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qamrab olingan.
O‘zbekiston tomonidan kiritilgan muhim tashabbus “Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirliklarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmalari rahbarlari yig‘ilishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror kengash a’zolari tomonidan bir ovozda ma’qullanib, imzolandi.
Mazkur tashabbus zamonaviy kiberjinoyatchilikning transchegaraviy xususiyatidan kelib chiqib, byurokratik jarayonlarni qisqartirgan holda tezkor bo‘g‘in rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Muntazam uchrashuvlar ilg‘or tajriba almashish, axborot texnologiyalari sohasidagi tahdidlarni tahlil qilish va virtual makonda transmilliy jinoyatchilikka qarshi samarali choralarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan tadbirda tomonlar kelgusidagi aloqalarni institutsional darajada rivojlantirish, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA