“Sea Breeze”” loyihasining tabiatga ta’siri qanday baholanmoqda?
“Sea Breeze” loyihasining atrof-muhitga ta’sirini baholash jarayonida dastlabki ikki bosqich yakunlandi.
Ularning har biri bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining tegishli xulosalari olindi.
Muhimi, loyiha bo‘yicha ekologik ekspertiza bir martalik jarayon sifatida qaralmayapti. Atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirni baholash loyihalashdan tortib qurilish ishlari va ob’ektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oladi.
Dastlabki bosqichda loyihaning atmosfera havosi, suv va yer resurslari, yashil hududlar, biologik xilma-xillik, chiqindilar, muhandislik infratuzilmasi hamda atrof-muhitning boshqa tarkibiy qismlariga ehtimoliy ta’siri o‘rganiladi. Shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik xavflar va ularni kamaytirish choralari, jamoatchilikning e’tiroz va takliflari ham ko‘rib chiqiladi.
Ikkinchi bosqichda esa loyiha yechimlari yanada chuqurlashtirilgan tarzda baholanadi. Ta’sirning ko‘lami va parametrlari aniqlashtirilib, tabiatni muhofaza qilish va kompensatsiya choralari, qurilish jarayoni, chiqindilar bilan ishlash, suvdan foydalanish, ko‘kalamzorlashtirish va boshqa ekologik talablar belgilab beriladi. Demak, “Sea Breeze” uchun olingan ikki ekologik xulosa jarayonning yakuni emas.
Qurilish ishlari tugagach, ob’ektni foydalanishga topshirishdan oldin yakuniy bosqich ham nazarda tutilgan. Unda qog‘ozda belgilangan rejalar emas, balki amalda bajarilgan ishlar baholanadi. Xususan, tabiatni muhofaza qilish choralari to‘liq amalga oshirilgani, ekologik talablarga rioya etilgani va qurilgan ob’ekt avval kelishilgan ekologik shartlarga muvofiqligi tekshiriladi.
Loyihaning ekologik nazoratida jamoatchilik ishtiroki ham alohida o‘rin tutmoqda.
Loyihaga oid materiallar, o‘tkazilgan tartib-taomillar, kelib tushgan e’tiroz va takliflar hamda ularga berilgan tushuntirishlar ochiq foydalanish uchun joylashtirilmoqda. Bu jarayonning shaffofligini ta’minlash bilan birga, jamoatchilikka loyihaning muhim bosqichlarini kuzatish imkonini beradi.
Jamoatchilik kengashi a’zolari esa loyiha hududiga bevosita chiqib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishmoqda. Tashriflar davomida hududning holati, qurilish shartlariga rioya qilinishi, chiqindilar bilan ishlash, yashil hududlarning saqlanishi va ekologik tadbirlarning bajarilishi kabi masalalar o‘rganilmoqda.
Bugunga qadar o‘tkazilgan monitoring va tashriflar natijasida belgilangan ekologik talablar buzilganini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanmagan.
Biroq nazorat shu bilan to‘xtamaydi. Monitoring davom etadi va loyihaning keyingi bosqichlarida ham ekologik majburiyatlarning bajarilishi muntazam kuzatib boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA