O‘zbekiston va Krasnoyarsk o‘rtasida aviaqatnovlar tarmog‘i kengaytiriladi
“Uzbekistan Airports” AJ va Krasnoyarsk xalqaro aeroporti vakillari O‘zbekiston shaharlari bilan aviaqatnovlarni rivojlantirish, yangi yo‘nalishlarni ochish hamda tranzit imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv Dmitriy Xvorostovskiy nomidagi Krasnoyarsk xalqaro aeroporti bosh direktori Kirill Yermakov boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar Farg‘onada o‘tkazilgan Rossiya — O‘zbekiston forumi doirasida boshlangan muloqotning davomi bo‘ldi. Tomonlar aviakompaniyalarni yangi yo‘nalishlarga jalb etish, aviaqatnovlar tarmog‘ini kengaytirish hamda yo‘lovchilar uchun qulay tutash reyslarni tashkil qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Xususan, Krasnoyarskdan Farg‘ona va Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tranzit tashuvlarini rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Jumladan, Farg‘ona orqali Istanbulga, Samarqand orqali esa Tel-Aviv va Dubayga qulay tutash reyslarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchun Krasnoyarsk aeroporti ham Uzoq Sharq va Xitoy shaharlariga safarlarni davom ettirishda qulay tranzit nuqtasiga aylanishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash va aviakompaniyalarni jalb qilish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib oldi. Bundan tashqari, yo‘nalishlarni ommalashtirish, sayyohlik mahsulotlarini yaratish va yo‘lovchilar talabini oshirish maqsadida aviakompaniyalar hamda turizm sohasi vakillari ishtirokida qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA