Serjant — intizom va yetakchilik tayanchi
Mamlakatimizda milliy xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va harbiy tuzilmalarning jangovar shayligini yuksaltirishda inson omili, kasbiy mahorat va mustahkam intizomga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, har qanday tizimning samaradorligi, avvalo, unda xizmat qilayotgan xodimlarning bilim va tajribasi, mas’uliyati, Vatan oldidagi burchini qay darajada anglashi bilan belgilanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda shaxsiy tarkib bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlarga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonda har bir harbiy xizmatchining salohiyatini yuzaga chiqarish, tashabbuskorlik va yetakchilik fazilatlarini shakllantirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, serjantlar zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ahamiyati beqiyos. Chunki serjant — bu shunchaki harbiy unvon sohibi emas. U komandirning ishonchli tayanchi, shaxsiy tarkibning bevosita rahbari, harbiy intizomning faol targ‘ibotchisi va jamoadagi ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutadigan yetakchidir. Uning har bir harakati, so‘zi va shaxsiy namunasi qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarning xizmatga munosabatiga ta’sir ko‘rsatadi. Ana shu jihatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari ishtirokida “Serjantlar forumi” tashkil etildi.
Forumning asosiy maqsadi serjantlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ularning yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, shuningdek, harbiy jamoalarda qat’iy intizom, o‘zaro hamjihatlik va sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.


Tadbir davomida serjantlik xizmatiga oid dolzarb masalalar, shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali usullari va bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirishda rahbarlik mas’uliyatining o‘rni xususida fikr yuritildi. Zero, bugungi serjantdan faqat buyruq va topshiriqlarni bajarishni talab qilishning o‘zi yetarli emas. U vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi, har bir xizmatchining imkoniyatlarini anglashi, jamoada hamjihatlikni qaror toptirishi va zarur paytda qat’iyat bilan qaror qabul qila bilishi lozim.
Forumda boshqarma boshlig‘i, polkovnik J. Shernazarov serjantlarning xizmatdagi mas’uliyati, shaxsiy tarkib bilan ishlash va jamoani samarali boshqarish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, harbiy xizmatda intizom faqat belgilangan qoidalarga rioya qilish bilan cheklanmaydi. U har bir xizmatchining ichki mas’uliyati, burchga sadoqati, jamoa oldidagi javobgarligi va o‘z vazifasini vijdonan bajarishida namoyon bo‘ladi. Bunday fazilatlarni qaror toptirishda esa serjantning shaxsiy namunasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Chin ma’nodagi yetakchi, avvalo, o‘ziga talabchan bo‘ladi. U qo‘l ostidagilardan intizom talab qilishdan oldin o‘zi namuna ko‘rsatadi, ularning muammolariga befarq qaramaydi, yutuqlarini rag‘batlantiradi va kamchiliklarni bartaraf etishda xolis yondashadi. Shu ma’noda, serjantning obro‘si faqat uning unvoni bilan emas, balki bilimi, adolati, qat’iyati va insonlar bilan ishlay olish mahorati bilan belgilanadi.
Bugun harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni ta’minlash ham xizmat samaradorligining muhim shartlaridan biridir. O‘zaro ishonch, hurmat va hamjihatlik hukm surgan jamoada vazifalarni bajarishga intilish kuchayadi, mas’uliyat hissi ortadi. Aksincha, e’tiborsizlik va o‘zaro ishonchsizlik jamoaviy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun serjantdan nafaqat harbiy nizomlarni puxta bilish, balki odamlar bilan ishlash, ularni bir maqsad atrofida birlashtirish va jamoadagi muammolarni o‘z vaqtida anglash qobiliyati ham talab etiladi.


“Serjantlar forumi” ana shu muhim vazifalarni chuqur anglash, tajriba almashish va xizmat faoliyatiga yangicha yondashuvlarni joriy etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Bunday muloqotlar harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyatini oshirish bilan birga, ularda tashabbuskorlik, shaxsiy mas’uliyat va yetakchilik ko‘nikmalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Forum yakunida xizmat samaradorligini oshirish, kasbiy mahoratni yuksaltirish, shaxsiy tarkib bilan ishlash sifatini yaxshilash hamda bo‘linmalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni ta’minlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.
Albatta, har qanday tadbirning haqiqiy natijasi uning doirasida bildirilgan fikrlar bilan emas, balki amaldagi ijrosi bilan o‘lchanadi. Shu bois forumda belgilangan vazifalarning kundalik xizmat faoliyatida o‘z ifodasini topishi, ilg‘or tajribalarning keng tatbiq etilishi va har bir serjantning o‘z ustida muntazam ishlashi muhim ahamiyatga ega.


Xulosa qilib aytganda, serjantning kasbiy mahorati — bo‘linma salohiyati, uning intizomi — xizmat barqarorligi, shaxsiy namunasi esa jamoa ishonchining muhim mezonidir. Harbiy xizmatda yuksak natijalarga erishish uchun zamonaviy bilim, qat’iyat va insonparvarlik bir-birini to‘ldirishi zarur. Zero, Vatan himoyasiga tayyorlik faqat qurol-yarog‘ yoki texnik imkoniyatlar bilan emas, balki shu yurt tinchligi va xavfsizligi yo‘lida xizmat qilayotgan insonlarning bilimi, irodasi va mas’uliyati bilan ham belgilanadi. Serjantlar esa ana shu mas’uliyatni har kuni amalda namoyon etadigan, harbiy jamoani bir maqsad sari safarbar qiladigan muhim bo‘g‘indir.
Bugun o‘z ustida ishlagan, bilimini boyitgan va jamoasiga namuna bo‘lgan serjant — ertangi xizmat muvaffaqiyatining mustahkam poydevoridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri