Paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallada
Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi ishlari davom etmoqda. Dalalarda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda nest-nobud qilmay yig‘ib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
To‘rtko‘l tumanidagi «Agro To‘rtko‘l tekstil klaster» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan jami 20 ming 758 tonna paxta xomashyosini yetishtirish va qabul qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
[gallery-31852]
Ayni paytga qadar fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan 1 ming 601 tonna paxta yig‘ib olindi. Mavsumda terim sur’atini oshirish maqsadida 20 ga yaqin zamonaviy paxta terish mashinasi va boshqa texnikalar jalb etilgan.
Tumandagi «Paxtachi» ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Paxtachi Nazarbek» fermer xo‘jaligida ham 40 gektar maydonda paxta parvarishlanib, mo‘l hosil yetishtirilgan.
Xo‘jalik rahbari Arazmammat Allaboyevning aytishicha, joriy mavsumda har gektardan 60–65 sentnerdan hosil olish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda dalalardagi paxtani qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish choralari ko‘rilmoqda.
Zamonaviy paxta terish mashinalaridan foydalanish terim sur’atini oshirish va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olish imkonini bermoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat+ video), O‘zA