Eron zarbasi kuchaymoqda: navbatda O‘mon ko‘rfazi
24 soat ichida Fors va O‘mon ko‘rfazlari yaqinida ikki savdo tankeriga zarba berildi. Ushbu hodisa Eronning dengizdagi amaliyoti strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozidan tashqariga qarab kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Buyuk Britaniya dengiz savdosi amaliyoti agentligi ma’lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni Qatar qirg‘og‘i yaqinida Antigua va Barbuda bayrog‘i ostida suzgan “Acers” neft va kimyoviy modda tashuvchi tankerga bir necha snaryad tekkan, qurbonlar borligi haqida xabar berilgan. Ertasiga Fujayradan taxminan 40 kilometr masofada yana bir tankerda yong‘in chiqqan. Ikkinchi fojea sababi hozircha aniq emas. Eron hujumlar uchun rasman javobgarlikni zimmasiga olmagan.
Inqilob posbonlari korpusiga aloqador nashrlar harbiy harakat bo‘g‘ozdan tashqaridagi suv hududiga ham yoyilganiga ishora qildi. Tehron va Vashington o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir payt Islom Respublikasi harbiy rahbarlari mojaro Hind okeanigacha kengayishi mumkinligidan ogohlantirdi. Demak, dunyo energetika xavfsizligiga tahdid yanada kuchayishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA