616 million so‘mlik mukofot: “Kasbiy mahorat yetakchisi” kim bo‘ldi?
Ta’lim sifati, zamonaviy boshqaruv va pedagogik mahoratni oshirish yo‘lida eng yuqori natija ko‘rsatgan rahbar aniqlandi.
Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Berdaliyeva Gulasal Abduqunduzovna “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovi g‘olibi bo‘ldi. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy etilgan bo‘lib, 2025-yil 28-apreldagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida bu yil sentabr oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Tanlovda hududlardagi Pedagogik mahorat markazlari direktorlari ishtirok etdi. Nomzodlarning faoliyati shunchaki umumiy ko‘rsatkichlar asosida emas, balki ta’lim sifati va boshqaruv samaradorligini qamrab olgan bir qator mezonlar bo‘yicha baholandi.
Xo‘sh, rahbarlarni baholashda nimalarga e’tibor qaratildi?
Dastlabki bosqichda maxsus ishchi guruh a’zolari tomonidan nomzodlarning faoliyati to‘rt asosiy yo‘nalish bo‘yicha tahlil qilindi.
Jumladan, nomzodning o‘z hududida ta’lim sifatini oshirishga qo‘shgan hissasi, Pedagogik mahorat markazining moliyaviy barqarorligini ta’minlashdagi natijalari, ta’lim jarayonini zamonaviy usullarda tashkil etishi, shuningdek, markazni tajribali kadrlar bilan ta’minlash va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishi o‘rganildi.
Tanlovning keyingi bosqichida esa nomzodlar Tanlov komissiyasi a’zolari oldida o‘z loyihalarini taqdim qildi. Ikki bosqichdagi sinov natijalari jami 100 ballik reyting asosida baholandi. Yakuniy natijaga ko‘ra, eng yuqori ballni to‘plagan Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Berdaliyeva Gulasal Abduqunduzovna “Kasbiy mahorat yetakchisi” deb topildi.
Qayd etilishicha, g‘olibni katta miqdordagi mukofot ham kutmoqda. Tanlov shartlariga ko‘ra, u Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Ayni paytda bu summa 616 million so‘mni tashkil etadi.
Tanlovning ahamiyati esa faqat pul mukofoti bilan cheklanmaydi. U ta’lim tizimida rahbarning kasbiy mahorati, boshqaruv qobiliyati, yangiliklarni joriy etishi va hududda ta’lim sifatini oshirishga qo‘shayotgan amaliy hissini baholashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA