Buxoroda mutolaa muhiti kengaymoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda kitob o‘qish, ilmiy-ommabop adabiyotlar hamda gazeta-jurnallardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Joriy yil avgust oyida viloyatda o‘tkazilgan «Kitobxonlik festivali» doirasidagi tanlovlarda 25 ming nafarga yaqin o‘quvchi qamrab olindi. «Eng kitobxon maktab», «Eng faol kitobxon o‘quvchi», «Eng kitobxon oila» kabi yo‘nalishlardagi tanlovlar esa mutolaa madaniyatini oila va ta’lim muassasalari muhitida yanada keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Buxoro shahrida yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan «Kitobxonlar forumi» ham tashkil etildi. Unda yosh ijodkorlar, kitobxonlar va mutolaa targ‘ibotchilarining tashabbuslari muhokama qilindi.
[gallery-31562]
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyati axborot-kutubxona markazida ham kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Joriy yil aprel oyida «Kitobsevar millat» shiori ostida tashkil etilgan respublika «Kitobxonlik haftaligi» doirasida yangi kitoblar taqdimoti, mahorat darslari, mutolaa tadbirlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Buxoroning kitobxonlik va matbuot muhitida tibbiyot yo‘nalishidagi nashrlar ham muhim o‘rin tutadi. Jumladan, «Ibn Sino vorislari» nashri sahifalarida ta’lim va tibbiyot sohasidagi yangiliklar, muhim voqealar, professor-o‘qituvchilar va talabalar yutuqlari, ma’naviy-ma’rifiy mavzular yoritib boriladi.
Abu Ali ibn Sino nomi bilan bog‘liq mazkur nashrda tibbiyotga oid foydali ma’lumotlar, ilmiy yangiliklar va mutaxassislar tajribasi keng yoritilishi tibbiy savodxonlikni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Buxoroda asrlar davomida shakllangan ilm-ma’rifat an’analari bugun kitobxonlik va matbuot madaniyati bilan uyg‘unlashib, yoshlarning bilim va mutolaaga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat) O‘zA