40 milliard so‘mlik noqonuniy tamaki aylanmasiga chek qo‘yildi
Poytaxtimizda “Nikotin muqobillarini tartibga solishning dolzarbligi: jamoat salomatligi va iqtisodiyot manfaatlari muvozanati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda nikotin mahsulotlarini tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, noqonuniy bozor ulushi, shuningdek, jamoat salomatligini muhofaza qilishda xavf-xatarga asoslangan yondashuvni qo‘llayotgan davlatlarning ilg‘or tajribalari atroflicha muhokama qilindi.

Davra suhbatida ishtirokchilar mamlakatimizda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi haqida ma’lumot berdi.
-Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublika bojxona organlari tomonidan aniqlangan 320 ta kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 40,7 milliard so‘mlik, 2,3 million qutidan ziyod tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan, - deydi Bojxona qo‘mitasi raisi maslahatchisi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha mas’ul H.Tangriyev. - Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.

Shu bilan birga, Tashqi savdo bojxona statistikasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki mahsulotlarining qonuniy importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 46 foizga oshgan. Mutaxassislar fikricha, bu holat bozorda qonuniy aylanma ulushi ortib borayotganini anglatadi.
Yig‘ilish ishtirokchilari noqonuniy aylanma va yashirin bozor tufayli yuzaga kelayotgan iqtisodiy yo‘qotishlar, davlat byudjetiga yetkazilayotgan zarar hamda sohani yanada shaffof va samarali tartibga solish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratdi.

Davra suhbati yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda nikotin muqobillarini tartibga solish tizimini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, kelgusida ekspertlar muhokamasiga kiritishga kelishib olindi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA