3705 nafar fuqaroning mulkiy huquqlari e’tirof etildi
Sirdaryo viloyatida yillar davomida turli sabablarga ko‘ra huquqiy maqomi rasmiylashtirilmay qolgan uy-joy va yer uchastkalariga oid masalalar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Bu jarayon doirasida yana 3705 nafar fuqaroning mulkiy huquqlari rasman e’tirof etildi.
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining tegishli qarorlariga muvofiq, mazkur fuqarolarning yakka tartibdagi uy-joylari hamda ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan mulk va ijara huquqlari qonuniy tartibda e’tirof etildi. Bu avvalo yillar davomida uy-joyi yoki unga tutash yer maydonidan amalda foydalanib kelgan, biroq ushbu ob’ektlarga bo‘lgan huquqlari rasmiy hujjatlarda to‘liq aks etmagan fuqarolar uchun muhim huquqiy yechimdir. Endi ularning mulkiy manfaatlari qonunchilik asosida kafolatlanib, ko‘chmas mulkdan foydalanish va uni tasarruf etish bilan bog‘liq masalalarga aniqlik kiritiladi.
Mazkur ishlar «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonun talablari asosida amalga oshirilmoqda.
Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini qonuniy asosda rasmiylashtirish, yer va uy-joy masalalaridagi muammolarni bartaraf etish hamda mulkiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
E’tiborlisi, Sirdaryo viloyatida mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar jami 8188 nafar fuqaroning yer uchastkalari va ularda joylashgan ko‘chmas mulklarga bo‘lgan huquqlari qonuniylashtirildi.
Bu raqam ortida minglab oilalarning uy-joyi, yeri va mulkiy manfaatlari turibdi. Huquqlarning rasmiy e’tirof etilishi esa fuqarolarga o‘z mulkidan qonuniy foydalanish va uni tasarruf etish uchun mustahkam huquqiy asos beradi.
Eng muhimi, yillar davomida yechimini kutib kelgan mulkiy masalalarga oydinlik kirib, fuqarolarning qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoyalanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri