2-bosqich g‘oliblari taqdirlandi
Nukus shahridagi Yoshlar maydonida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining 2-bosqichi – “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi olimpiadasi va Paralimpiadasi”ning taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev g‘oliblikni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma olgan barcha yoshlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, Olimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” ana shu yo‘nalishdagi ezgu ishlardan sanaladi.

Joriy yilgi musobaqalarning birinchi bosqichida 13 sport turi bo‘yicha 23 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich yakuni bilan 3 ming nafarga yaqin ishtirokchilar orasidan 350 nafardan ziyod yoshlar sportning 19 turi bo‘yicha “Prezident Olimpiadasi”ga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Eng muhimi, “Prezident Olimpiadasi” yoshlar uchun nafaqat bellashuvlar maydoni, balki chinakam sport va do‘stlik bayramiga aylanib ulgurdi.
G‘oliblar munosib rag‘batlantirilib, tadbir san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri