18 noyabr — O‘zbekisston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
O‘quvchi inshosidan: “Bizning bayroq eng chiroyli va eng mahobatlisidir”
Ustoz sinfga kirib kelishi bilan o‘quvchilar o‘rnidan turib salom berishdi. Keyin o‘tirib, darsliklarini tayyor holga keltirishdi. Ustoz ham darsni boshlab, bugun qanday kun ekanligini so‘radi. Deyarli butun sinf baralla “O‘zbekiton Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun”, deya javob qaytarishdi. Ustoz barakalla, deb o‘quv taxtasiga yoza boshladi: 18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun!
— bugungi asosiy mavzuimiz ham davlatimiz ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz, u haqida insho yozamiz. Kimning inshosi eng chiroyli, sermazmun, zo‘r bo‘lsa, boshqalarnikidan ajralib tursa, o‘sha o‘quvchini alohida rag‘batlantiramiz, — dedi ustoz.
O‘quvchilarning zavq-shavqqa to‘la g‘ala-g‘ovuri bir ko‘tarildiyu keyin tinib qoldi — hamma o‘z xayollariga g‘arq bo‘lib Vatan bayrog‘ini ta’riflab, tavsiflab ketishdi. Kimdir bosh ko‘tarmay yozish bilan ovora, kimdir xayolidagilarni umumlashtirish, ko‘z oldida tasvirlash uchun biroz o‘ylanib, derazadan tashqariga — uzoq-uzoqlarga tikilar, yana birov kitob titkilar edi...
Vaqt poyoniga yetganda, insholar yig‘ib olindi. Hamma o‘quvchi ertani kutar edi. Vatan bayrog‘ini kim qanday ta’rifladi, kimning inshosi eng a’losi, ustoz kimning ishini alohida maqtar ekan — o‘quvchilarning bu kabi o‘ylari, his-hayajonlari ularni yanada sabrsizlantirardi.
Ertangi dars jarayoni yanada hayajonli va zavqli bo‘ldi. Boisi ustoz deyarli barcha o‘quvchilarning inshosidan bir-ikki jumladan, ya’ni eng qaymog‘ini, o‘ziga xos, kutilmagan ta’riflarni ajratib o‘qib berdi va hammani alohida-alohida e’tirof etdi.
Mana, 4-sinf o‘quvchilarining Vatan bayrog‘i haqidagi ta’riflari, o‘ylari, bayon qilganlarining ayrimlari:
“O‘zbekistonimiz bayrog‘ining baland-balandlarda hilpirab turishi yurtimizning tinch va osudaligini bildiradi”...
“Bayrog‘imizni ko‘rganimda, kayfiyatim ko‘tariladi. Qalbimda vatanparvarlik hissi yanada jo‘sh uradi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishim, oilamga mehrim yanada ortadi”...
“Boshqalarni bilmadimu lekin men bayrog‘imiz hech qachon pastga tushmasligini xohlayman. Buning uchun, yurtimiz doimo tinch bo‘lishi uchun harakatdan to‘xtamayman”...
“Bizning bayrog‘imiz eng chiroyli, eng go‘zal, eng yorqin va eng mahobatlisidir”...
“Men davlatimizning barcha ramzlarini ota-onamni yaxshi ko‘rganday yaxshi ko‘raman, ularni qadrlaganday qadrlab, asrayman”...
“Davlatimiz bayrog‘ini qo‘limda ushlaganimda butun vujudim boshqacha bo‘lib ketadi, ham faxrlanib ketaman, ham kuchga to‘lganday bo‘laman”...
10 yoshli o‘g‘il-qizlarimizning yurt bayrog‘i haqidagi bu kabi teran fikrlari, samimiy o‘ylari, jo‘shqin niyatlari har qanday kishini hayajonga soladi. Tug‘ilganidan boshlab shu tuproqqa, ona Vatanga, ota-bobolari o‘tgan zaminga kindik qoni ila bog‘langan murg‘ak qalblarning pok tilaklaridan o‘zimizda qandaydir yangilanish, yasharishni his qilamiz va ulardan o‘rganadiganlarimiz ko‘pligini anglaymiz.
Yurt ta’rifida, har kuni ko‘zi tushadigan Vatan tug‘i ta’rifida siyqasi chiqqan gaplarni emas, o‘z dunyosiga xos pok tuyg‘ular bilan uyg‘un jumlalar ila ta’rif-tavsif etgani kishini lol qoldirmay iloji yo‘q. Samimiy o‘ylar, pokdamon orzular bilan ta’riflangan yurt bayrog‘iga nisbatan yanada mas’ullikni, farzandlik burchingni his qilasan kishi, kirlangan o‘ylarimiz poklanganday, mog‘or bosgan zehnimiz teranlashganday bo‘ladi.
Farzandlarimiz qalbidagi Vatan tuyg‘usi, yurt timsollariga nisbatan hurmat va faxr-iftixor hislari milliy o‘ziga xosligimiz, milliy tarbiyamiz orqali uyg‘onadi, oiladan, bog‘chadan, maktabdan boshlab shakllantiriladi. Shunday ekan, millatimiz kelajagini, ertamiz egalarini vatanparvarlik, Vatan ramzlariga hurmat-izzat ruhida, milliy urf-odat va an’analarimizga sadoqat tuyg‘usi bilan tarbiya qilaylik. Avvalo, o‘zimiz namuna bo‘lgan holda davlatimiz ramzlarining millatimiz o‘tmishi, mamlakat buguni va ertasiga daxldor muqaddas timsollar ekanligini chuqur anglataylik.
Vatan bayrog‘i bizning yuzimiz, orimiz, nomusimiz, sha’nimizdir. Davlatimiz mustaqilligi, hurligimiz, ma’naviyatimiz, orzu-niyatlarimizning muqaddas timsolidir. Farzandlarimiz ta’rif etganidek, davlatimiz bayrog‘i baland o‘rinlarda, yuksak minbarlarda, ko‘kka yetgan misoli mangu va mag‘rur hilpirab turaversin. Bu mangulik, bu mag‘rurlik millatimizning, yurtimizning abadiy gullab-yashnashiga, ravnaqiga daxldor bo‘lajak.
Muhtarama Komilova,
O‘zA