Har bir gektar — hisobda, har bir kun — nazoratda
Jizzax viloyatida agrar mavsumning eng mas’uliyatli pallasida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish shunchaki navbatdagi muhokama emas, balki natija uchun kurash keskin bosqichga kirganini ochiq namoyon etdi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda g‘alla parvarishi, chigit ekish va qo‘shimcha ekinlar joylashtirish masalalari aniq raqamlar va dalillar asosida tanqidiy tahlil qilindi.
Mamlakatimizda agrar sohani modernizatsiya qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha izchil siyosat yuritilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada qat’iy intizom va samaradorlikni bosh mezon sifatida belgilab bergan. Jizzaxdagi bugungi tahlillar ana shu talablar ijrosi qay darajada ta’minlanayotganini ko‘rsatib berdi.
Raqamlar esa holatni yashirmaydi. Masalan, ayrim hududlarda 74 nafar fermer xo‘jaligining 2248 gektar maydonida agrotexnik tadbirlar haligacha to‘liq bajarilmagan. Bu — birgina kechikish emas, balki kelgusi hosilga bevosita xavf demakdir. Shu bois, g‘alla maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, kamida 5–6-marta suspenziya sepish, sug‘orish va himoya tadbirlarini jadallashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
O‘tgan yil natijalari ham jiddiy xulosalar chiqarishga asos bo‘ldi. Yerdan samarasiz foydalangani uchun 264 nafar fermer xo‘jaligining ijara shartnomasi bekor qilingani, yana 135 ta holat yuzasidan ishlar sudda ko‘rib chiqilayotgani bugun sohada talab kuchayganini anglatadi. Endi yer — faqat resurs emas, balki qat’iy mas’uliyat mezoniga aylangan.

Shu bilan birga, ijobiy o‘zgarishlar ham yo‘q emas. Suv ta’minotini yaxshilash, chigitni qo‘shqator usulda ekish, xorijiy navlarni sinovdan o‘tkazish, paxta terish texnikalarini yangilash kabi choralar natijasida viloyat qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchilar safiga chiqqan. Biroq bu yutuqlar bugungi talablar oldida yetarli emasligi ochiq aytildi.
Joriy yilda 1889 nafar fermer tomonidan 67,6 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Bunda faqat qo‘shqator usulini qo‘llash, yuqori hosildor xorijiy, xususan Xitoy navlariga ustuvorlik berish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, zararkunandalarga qarshi biologik va agrotexnik kurash choralarini kuchaytirish masalasi ham alohida nazoratga olindi.

Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi esa muhokamaning yana bir muhim yo‘nalishi bo‘ldi. Bugunga qadar 19,4 ming gektar maydonga sabzavot, poliz va boshqa ekinlar joylashtirilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkichlar qoniqarli emas. Asosiy maydonlar bilan cheklanib qolmasdan, bog‘-tokzor qator oralari va dala chetlaridan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Yana bir yangilik — joriy yilda 100 dona zamonaviy don o‘rish kombayni xarid qilinib, mavjud texnikalarga GPS qurilmalari o‘rnatish orqali ularni markazlashgan nazorat tizimiga ulash rejalashtirilmoqda. Bu esa shaffoflik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa aniq: qishloq xo‘jaligida natija endi umumiy gaplar bilan emas, aniq raqamlar va amaliy ishlar bilan o‘lchanadi. Jizzaxdagi bugungi tanqidiy tahlillar esa bir narsani ochiq ko‘rsatdi — har bir gektar e’tiborda bo‘lmasa, rejalar qog‘ozda qolib ketaveradi. Demak, vaqtni boy bermaslik — bugungi kunning eng katta talabi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA