1,7 trillion so‘mlik ijtimoiy madad: kimlar va qancha yordam oladi?
Energiya resurslari narxlarini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytirilmoqda.
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan ishlab chiqilgan dastur doirasida kuz-qish mavsumida ehtiyojmand oilalarga beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha yordam ko‘rsatiladi. Bu maqsadlar uchun jami 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Gaz yetib bormagan xonadonlar uchun elektr energiyasi me’yori oshiriladi
2026-yil 1-noyabrdan gazlashtirilmagan xonadonlar uchun isitish mavsumida elektr energiyasining oylik bazaviy me’yori 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatgacha oshiriladi. Natijada 1,5 million xonadon ixtiyorida jami 171 milliard so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda. Bu har bir xonadon uchun o‘rtacha 114 ming so‘mlik qo‘shimcha yengillikni anglatadi.
Bir milliondan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam beriladi
Noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik yordam ko‘rsatish uchun jami 1 trillion so‘m ajratiladi.
Yordam oluvchilar qatoriga Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan xonadonlar, oilaviy bolalar uylari hamda parvarishga muhtoj shaxslar kiradi. Shuningdek, mahalla tavsiyasi asosida jon boshiga to‘g‘ri keladigan oylik daromadi 1 million 430 ming so‘mgacha bo‘lgan oilalar ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Markaziy isitish tizimidan foydalanuvchi oilalarga ham yordam beriladi. Bu toifa uchun jon boshiga daromad mezoni hududlarda 1 million 430 ming so‘m, Toshkent shahrida esa 2 million 145 ming so‘m etib belgilangan.
E’tiborli jihati, yordam oluvchilarning qariyb 44 foizini, ya’ni 444 ming oilani Ijtimoiy reyestrga kiritilmagan, biroq moddiy ko‘makka muhtoj xonadonlar tashkil etadi.
Kompensatsiya olish imkoniyati kengaytiriladi
Ijtimoiy reyestrga kiritilmagan oilalar uchun elektr energiyasi va gaz xarajatlari kompensatsiyasini olishdagi daromad mezoni ham o‘zgartiriladi. Jon boshiga oylik daromadning eng yuqori chegarasi 1 million 72 ming so‘mdan 1 million 430 ming so‘mgacha oshiriladi.
Xuddi shu daromad mezoni ko‘mir xarajatlari hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan kommunal to‘lovlarni qoplashda ham qo‘llaniladi.
Ushbu o‘zgarishlar natijasida qo‘shimcha 166 ming oilani qamrab olish rejalashtirilgan. Buning uchun 77 milliard so‘m ajratiladi. Har bir oilaga o‘rtacha 464 ming so‘mlik yordam to‘g‘ri keladi.
Kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiya muddati uzaytiriladi
Bazaviy me’yor doirasidagi va undan ortiq elektr energiyasi hamda gaz iste’moli uchun belgilangan narxlar o‘rtasidagi farqni qoplash mexanizmi yana bir yil davom ettiriladi. Xususan, kompensatsiya to‘lash muddati 2027-yil 1-apreldan 2028-yil 1-aprelgacha uzaytiriladi.
Bu chora doirasida 470 ming oilaga jami 150 milliard so‘m to‘lab beriladi. Har bir oila uchun yillik kompensatsiya o‘rtacha 319 ming so‘mni tashkil etadi.
Uy-joylarni energiya tejamkor qilishga ham mablag‘ ajratiladi
Dasturda faqat joriy kommunal xarajatlarni yengillashtirish emas, balki kelgusida energiya iste’molini kamaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Shu maqsadda “og‘ir” mahallalardagi “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiruvchi 3 mingta xonadonda devor va tomlar issiqlik izolyatsiyasi bilan qoplanadi. Shuningdek, energiya tejamkor eshik va derazalar, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatiladi.
Ushbu ishlar uchun 240 milliard so‘m ajratilib, har bir xonadonga o‘rtacha 80 million so‘mdan mablag‘ yo‘naltiriladi. Natijada uylarda issiqlikni saqlash imkoniyati yaxshilanib, energiya sarfi va kommunal to‘lovlarni kamaytirishga sharoit yaratiladi.
Shunday qilib, belgilangan beshta yo‘nalish ehtiyojmand oilalarning bugungi xarajatlarini yengillashtirish bilan birga, kelgusida energiya resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini ham kengaytirishga qaratilgan. Islohotlar doirasida jami 1,7 trillion so‘m qo‘shimcha yordam ajratilishi aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA