Ekipaj ko‘rsatmasiga bo‘ysunmagan yo‘lovchi qancha jarima to‘laydi?
Fuqaro aviatsiyasida parvoz xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin.
Yangi qonun loyihasida nafaqat nosoz samolyotda parvoz qilish yoki havo kemasini qonunga xilof boshqarish, balki samolyot bortida ekipaj ko‘rsatmalarini bajarmagan yo‘lovchilarga ham jarima belgilash taklif etilmoqda. Ayrim qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori 20 bazaviy hisoblash miqdorigacha yetishi mumkin.
Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portaliga joylashtirilgan. Hujjat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, aviatsiya sohasidagi huquqbuzarliklar ro‘yxatini kengaytirish hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlarini qayta taqsimlashni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, havo kemasini boshqarish yoki parvozni ta’minlash bilan bog‘liq faoliyatni tegishli huquqqa ega bo‘lmagan shaxs amalga oshirishi yoxud bunday huquqni boshqa shaxsga berishi uchun javobgarlik belgilanishi mumkin.
Bu holatda fuqarolarga 10 BHM, mansabdor shaxslarga esa 20 BHM miqdorida jarima qo‘llash taklif etilmoqda.
Havo kemasidagi yo‘lovchilar yoki yuklar sig‘imi me’yorlariga rioya qilmaslik hamda samolyotning eng yuqori uchish massasi yoki muvozanatiga oid cheklovlarni buzgan holda parvozni amalga oshirish uchun 15 BHM miqdorida jarima belgilash nazarda tutilgan. Bunday talablar parvoz xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Texnik nosoz havo kemasida yoki undan foydalanish taqiqlangan sharoitda parvozni amalga oshirish uchun, agar qilmishda jinoyat alomatlari bo‘lmasa, 20 BHM miqdorida jarima qo‘llash taklif qilinmoqda.
Shuningdek, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki tanish hamda ro‘yxatga olish belgilariga ega bo‘lmagan havo kemasini boshqarganlik uchun 10 BHMdan 20 BHMgacha jarima belgilash ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasida yo‘lovchilarning havo kemasi bortidagi xulq-atvoriga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Havo kemasi komandiri yoki uning nomidan ekipaj a’zosi tomonidan belgilangan xulq-atvor qoidalariga rioya qilish haqida berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan yo‘lovchilarga 5 BHMdan 10 BHMgacha jarima solish taklif etilmoqda.
Agar xuddi shu huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori 15 BHMdan 20 BHMgacha oshishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, hozircha gap qonun loyihasida nazarda tutilgan takliflar haqida bormoqda. Ular muhokama va qonunchilik jarayonidan o‘tib, qabul qilingan taqdirdagina belgilangan tartibda kuchga kiradi.
Yangi tashabbusning asosiy maqsadi — fuqaro aviatsiyasida xavfsizlik talablariga rioya etilishini kuchaytirish, havo kemalaridan foydalanishdagi qoidabuzarliklarning oldini olish va yo‘lovchilarning bortidagi intizomini ta’minlashdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA