15-oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Xalqaro qishloq ayollari kuni — BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2007-yil 18-dekabrda qabul qilingan rezolyutsiya bilan rasman belgilangan va har yil nishonlanib kelinmoqda.
Mazkur xalqaro sana qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratish, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlash kabi maqsadlarga qaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun jahonda 1,9 milliardga yaqin ayol qishloq hududlarida yashaydi. Ular qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash tizimlarida muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan ayollarga qulay shart-sharoit yaratish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish, ish bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar shahar va qishloq ayollariga birdek amal qilmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda ayollarning 49 foizdan ortig‘i qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Ta’kidlash lozimki, qishloq ayollarining mehnati mashaqqatli, hayot va yashash tarzi soddaroq bo‘ladi. Ularning qishloq xo‘jaligidagi o‘rni alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, qishloq ayollarining oila mustahkamligi va bolalar ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni dolzarb ahamiyatga ega.
Bugungi kunda shahar va qishloqlarda bir xil sharoit yaratish, qulayliklarni oshirish, ehtiyojmand oilalarni, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosat natijasi o‘laroq, qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning turli soha va tarmoqlardagi, tadbirkorlik sohasidagi ishtiroki ham kengayib bormoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim olish istagidagi qizlar, ayollar safi kengayayotgani, ular orasida qishloq xotin-qizlari ulushi ham kam emasligi quvonarlidir.
Muhtarama Komilova,
O‘zA