Zukkolik va topqirliklarini ko‘rsatishdi
Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida harbiy xizmatni o‘tayotgan yosh askarlar o‘rtasida «Quvnoqlar va zukkolar» ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir askarlarning bilim va salohiyati, topqirligi, hozirjavobligi hamda ijodiy qobiliyatlarini namoyon etish maydoniga aylandi.
Harbiy xizmat nafaqat jismoniy chiniqish va harbiy ko‘nikmalarni egallash, balki iroda, intizom, mas’uliyat va jamoada hamjihatlikda harakat qilishni ham talab etadi. Shu ma’noda, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh askarlarning dunyoqarashini kengaytirish, ulardagi iqtidor va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bellashuvda to‘rtta jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Ishtirokchilar mantiqiy savollar, sahnaviy chiqishlar va turli qiziqarli shartlar orqali o‘zlarining bilimdonligi, zukkoligi va hozirjavobligini namoyish etdilar. Jamoalarning o‘ziga xos chiqishlari, samimiy hazil-mutoyiba va kutilmagan javoblar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tanlov davomida askarlar nafaqat shaxsiy qobiliyatlarini, balki jamoa bilan ishlash, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va umumiy maqsad sari intilish mahoratini ham ko‘rsatdilar. Sog‘lom raqobat va do‘stona muhitda kechgan bellashuv ishtirokchilarning o‘zaro hamjihatligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Hakamlar hay’ati baholariga ko‘ra, «Kalibr» jamoasi tanlov g‘olibi deb topildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri