Zomindagi “Shox moylar” qanday udum?
Jizzax viloyati markazidan janubiy sharqda joylashgan Zomin tumani sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi xushmanzara, go‘zal tabiati, osmono‘par tog‘lari, yuz-ikki yuz yillik archalari-yu, ulardan-da ko‘hna ko‘p ming yillik tarixi bilan ajralib turadi. Qalbi tog‘laridek yuksak, mehnatsevar, mehmondo‘st insonlar yashaydi.
– Zomin chayir, otining ko‘ziga qarab u bilan tillasha oladigan mashhur chavondozlari, kuragi yer ko‘rmagan polvonlari, necha 100 yil ilgari bo‘lgan nomoddiy madaniy merosi, ya’ni qadimiy urf-odat, an’ana, xalq qo‘shiq, terma, aytishuvlari ijrosi va betakror taomlari bilan ham ajralib turadi, – deydi folklorshunos olim Rahmatilla Sarimsoqov. – Ba’zi odatlar, so‘zlashuv shevalari Baxmal va Zarbdor tumanida yashovchilarga o‘xshab ketishi ham bor gap.
Sayohat davomida tuman bolalar musiqa va san’at maktabi zalida “Zomin sayqali” folklor etnografik xalq ansambli tomonidan sahnalashtirilgan xalqimizning “Shox moylar” milliy udumini tomosha qilib, boshqa tumanlarda biz uchratmagan o‘zgacha ko‘rinishning guvohi bo‘ldik.
Ushbu “Shox moylar” udumi ota-bobolarimiz bir necha asr muqaddam, dehqonchilik bilan shug‘ullanib, erta bahorda qo‘shga ho‘kizni qo‘shib, omoch bilan yer haydagan davrdan beri bizgacha yetib kelgan.
“Zomin sayqali” folklor etnografik xalq ansambli sahnalashtirgan mazkur eng qadimiy udumlardan birida, erta bahorda bobo dehqon ho‘kiz, qo‘sh va omochini dalaga olib chiqishidan oldin, nuroniy otaxonu onaxonlar boshchiligida saryog‘ni eritib, ho‘kizning shoxi, tuyog‘ini moylashadi. So‘ngra, “Yilimiz moyli, dehqonchiligimiz barakali kelsin!”, deya yer haydashga kirishadi. Udumning qisqacha mazmuni shu.
Ammo har bir harakatda ijro etiladigan qadimiy terma va qo‘shiqlar marosimni yanada jonli, qiziqarli chiqishini ta’minlaydi.
“Zomin sayqali” ansambli – rasman 2001 yilda tashkil topgan bo‘lib, unda 15 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 17 nafar havaskor san’atkor jamlangan. Oradan 7 yil o‘tib, qilingan sayi-harakatlar zoye ketmadi va jamoa folklor etnografik xalq ansambli nomini oldi. Ansambl “Bahor navolari”, “Boysun bahori”, “Asr navosi” kabi qator ko‘rik-tanlov va festivallarda ishtirok etib, yetakchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
– Bugun ansamblimiz ijro qilgan qadimiy xalq qo‘shiqlari, aytishuvlar, lapar va termalar doimiy ijro etib kelinadi, – deydi “Zomin sayqali” folklor etnografik xalq ansambli a’zosi Sayyora To‘rayeva. – Jamoamiz oldida turgan eng dolzarb vazifa, ota-bobolarimizni hali o‘zlashtirilmagan ko‘plab an’ana va udumlari, qo‘shiq, lapar va termalarini tiklash, qayta sayqal berib, sahnaga olib chiqish, kelajak avlodga yetkazishdan iborat.
– Beshkubi qishlog‘ida madaniyat markazi joylashgan, – deydi ushbu markaz rahbari Faxriddin To‘xsonboyev. – U yerda ham yangi “Tumor” folklor etnografik xalq ansambli tashkil topayapti. Maqsad, ana shu udumlarimiz, qo‘shiq, lapar, aytishuvlarni kelajak avlodga qoldirish yo‘lida folklor to‘garaklar tashkil etishdir. Ularda aynan o‘zimizning nomoddiy madaniy me’roslarimiz o‘rgatib borilmoqda.
Bundan tashqari, Dashtobod shahrida ham yoshlar va bolalardan iborat “Nabiralar” bolalar folklor jamoasi ham qadimda yoshlarimiz o‘ynab kelgan milliy o‘yinlar, aytishuvlar, termalar, qadimgi raqs va qo‘shiqlarni ijro etib kelayotgani kelajak avlod vakillari ham nomoddiy madaniy me’rosimizni o‘rganib, o‘zlashtirib kelayotganidan dalolat beradi.
Ammo “Zomin sayqali” ansambli u yoqda tursin, tuman madaniyat bo‘limining ham o‘z binosi yo‘q.
– Ansamblimizning moddiy bazasi maqtanarli darajada emas, – deydi ansambl badiiy rahbari Doniyor Qo‘shbanov. – Egnimizdagi liboslar turli tanlovlarda g‘olib chiqqanimiz uchun berilgan. Lekin ota-bobolarimiz, har bir udum, har bir marosimda o‘sha tadbirdan kelib chiqib kiyingan. Aytaylik, “Chilla kesdi” marosimida qatnashayotgan ayollar, oshxona kiyimida bo‘lmaydi va aksincha, “Chochala to‘yi” uchun milliy taomlarimizni tayyorlash jarayonida to‘yga kiyadigan libosda ovqat pishirilmaydi. Sahna bezaklarimizda ham yetishmovchiliklar bor.
Mutaxassislarning aytishicha, tumandagi qadimiy Pishog‘or, So‘loqli, Yom, Turkman, Mo‘g‘al kabi qishloqlarning har birida turli yoshdagi fuqarolardan bittadan folklor etnografik xalq ansambllarini tuzish kerak.
Zomin qozon patirini tatib ko‘rganmisiz?
Oppoq qor qoplagan Zomin tog‘lari tomon avtoulovimiz ketib borar ekan, tuman markazidagidan o‘zgacha manzara ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib boradi. Tumandagi “Duoba” mahalla fuqarolar yig‘ini Zomin tog‘larining 2 soyidan oqib keladigan suvning qo‘shilgan joyidan boshlanadi.
[gallery-5712]
Shu mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga qarashli “O‘riklisoy” qishlog‘idagi Shayzaqovlar xonadonida bo‘lib, xonadon bekasi Ruqiya opaning mashhur Zomin qozon patirini tayyorlash va sariyog‘ olish jarayonini bevosita kuzatishga muyassar bo‘ldik.
Qadimda ota-bobolarimiz chorvachilik bilan shug‘ullangan. Chorvachilar esa ko‘chmanchi xalq bo‘lib, ular yaylovlarning o‘tliligiga qarab tez-tez turar joylarini o‘zgartirib ko‘chib yurishlariga to‘g‘ri kelgan. O‘troq bo‘lmagan aholi yaylovga o‘tov tikkan joyida bir-ikki, ba’zan undan ham kamroq, ba’zan ko‘proq qo‘nim topgan. Har ko‘chgan joylarida tandir qurish qiyin bo‘lgani sabab, nonni ham o‘choqda, aniqrog‘i olov urib turgan qozonda pishirgan.
– Qozon patir tayyorlash unchalik uzoq vaqtni olmaydi, – deydi Ruqiya Shayzaqova. – Biz, asosan, qozon patirni yanchilgan suv tegirmon unidan tayyorlaymiz. Sababi, suv tegirmonda yanchilgan unning ta’mi juda mazali bo‘ladi.
Bahordan kuzgacha Zomin tabiatini ko‘rgani, “Zomin” sanatoriysi, “O‘rikli soy” dam olish majmuasi, oromgohlarga, turistlar uchun ochilgan mehmon uylariga dam olishga kelganlar Zomin qozon patiriga byurtma beradi. Mavsumda bir kunda hatto 70-80 donagacha qozon patir sotiladi.
Kuva yog‘ining ta’mi o‘zgacha bo‘ladi.
Suv tegirmonda yanchilgan undan tayyorlagan qozon patirni kuvada olingan sariyog‘ga botirib yeyishning o‘zgacha lazzati bor.
Kuvada saryog‘ olish jarayonini ham ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.
Yong‘oq daraxti yoki toldan o‘yib tayyorlangan kuvaning yog‘i ham, ayroni ham, chakkisi-yu undan yasaladigan quruti ham mazali bo‘ladi.
Sariyog‘i olingan kuvadagi qatiq ayronga aylanadi. Ayronni oq surpdan tikilgan xaltaga, undan ham yaxshisi so‘yilgan echki terisini oshlab olib tikilgan meshga solib qo‘yilsa, zardobi sizib yanada mazali chakkiga aylanadi.
Ruqiya opa Shayzaqova shu yo‘sinda oilaviy biznesini yuritib, ro‘zg‘or tebratishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Bu qishloqdagi uy bekalarining deyarli asosiy qismi buni kundalik yumush sifatida necha yillardir bajarib keladi.
Mutasaddi vazirliklar, tashkilotlar nomoddiy madaniy me’rosimizni tiklash, keyingi avlodga yetkazish haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rib, ish olib bormasa, millatimiz beshigi sanalmish milliy qadriyatlarimiz, madaniy me’rosimizni nafaqat tiklash, balki, kelgusi avlodlarimizga yetkazishning ham uddasidan chiqolmaymiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA