O‘zbekistondan Birlashgan Arab Amirliklariga chorvachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun yo‘l ochildi
O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasidagi hamkorlik doirasida muhim natijaga erishilib, uzoq muddat davom etgan ikki tomonlama muzokaralar, texnik maslahatlashuvlar hamda vakolatli organlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida O‘zbekiston Respublikasidan Birlashgan Arab Amirliklariga inkubatsion tuhum, bir kunlik jo‘jalar, iste’mol tuhumi, parranda go‘shti va quyon go‘shti eksport qilish uchun veterinariya sog‘liq sertifikatlari rasman tasdiqlandi.
Mazkur kelishuvga erishish jarayoni bir necha bosqichlarda amalga oshirildi. Tomonlar o‘rtasida davlat veterinariya nazorati tizimi, epizootik barqarorlik, bioxavfsizlik choralari, laboratoriya salohiyati hamda eksport nazorati bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Jarayonning muhim bosqichlaridan biri sifatida 2025-yil noyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining vakolatli mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasiga inspeksiya tashrifi bilan keldi. Tashrif doirasida mamlakatimizdagi veterinariya nazorati tizimi, parrandachilik va chorvachilik korxonalari, ishlab chiqarish jarayonlari, laboratoriya faoliyati hamda eksport sertifikatlashtirish mexanizmlari o‘rganildi. Inspeksiya yakunlari O‘zbekiston veterinariya tizimining xalqaro talablarga hamda BAA import standartlariga muvofiqligini tasdiqladi.
Veterinariya sog‘liq sertifikatlarining rasman tasdiqlanishi natijasida O‘zbekistonning mazkur mahsulotlarini Birlashgan Arab Amirliklari bozoriga eksport qilish uchun huquqiy va amaliy asos yaratildi. Bu esa mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi tashqi bozorlarni ochish hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu natija mamlakatimizda veterinariya sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, xalqaro standartlarni joriy etish, kasalliklar monitoringi va nazoratini kuchaytirish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasidir.
Ma’lumot uchun: eksport ruxsatnomalari inspeksiyadan ijobiy o‘tgan korxonalarga nisbatan qo‘llaniladi.
O‘zA