Zomin bunyodkorlik, investitsiya va turizm markaziga aylanmoqda
Respublikamiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Jizzax viloyatining Zomin tumanida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlari, zamonaviy infratuzilma inshootlarining foydalanishga topshirilishi aholi turmush sifatini yuksaltirish, bandlikni ta’minlash va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasida umumiy qiymati 854 million 500 ming dollarlik 12 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Qurilish materiallari, mebel va kabel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan uchta yirik korxona ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar esa yana 180 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Dashtobod shahridagi “Artyel Yelyectronics Zomin” filiali minglab yoshlarni ish bilan ta’minladi. Korxonada xodimlar uchun yotoqxona, issiq ovqat va transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qo‘shimcha 1500 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Joriy yilda qurilish va obodonlashtirish ishlariga 624 milliard so‘m yo‘naltirildi. Maktablar rekonstruksiya qilinmoqda, madaniyat saroyi va oqova suv tarmoqlari qurilmoqda. “Tashabbusli byudjet” doirasida yangi o‘quv binolari va mini stadionlar barpo etildi.

Prezidentimiz 2025-yil 22-iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, vohadagi yangi investitsiya loyihalari, sanoat, turizm va hududni rivojlantirish bo‘yicha rejalar bilan tanishgan va ana shu tashrif doirasida Zomin tumanidagi “Islohotlar shtabi” faoliyati ham ko‘rib chiqilgan va o‘shandagi topshiriqlari ijrosi doirasida 20 milliard 100 million so‘m hisobidan ko‘p qavatli uylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari ta’mirlandi. G‘afur G‘ulom mahallasida 160 xonadonli 8 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Infratuzilmani yaxshilash maqsadida 98 kilometr ichki yo‘l, 65 kilometr davlat ahamiyatidagi yo‘l, 87 kilometr elektr tarmog‘i, ichimlik suvi va gaz tarmoqlari yangilandi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida og‘ir toifadagi mahallalarda 17 milliard 900 million so‘m evaziga suv ta’minoti yaxshilanib, quduqlar, lotoklar va yangi suv tarmoqlari barpo etildi. Bu aholining tomorqadan daromad olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Tumanda ekologik barqarorlikka ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda 1 million 700 mingdan ortiq, 2026-yil bahorida esa 532 mingdan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ikkita “Yashil bog‘” va bitta “Hokimlik bog‘i” tashkil etildi.
Joriy yilda Zomin tumanining eksport rejasi 36 million 100 ming dollar etib belgilangan.
Elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika va ipak mahsulotlari asosiy eksport yo‘nalishlarini tashkil etmoqda.
Zominda 146 ta joylashtirish vositasi, Suffa platosida zamonaviy mehmonxonalar, sog‘lomlashtirish markazi, respublikadagi eng mashhur osma ko‘prik va osma dor yo‘li faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yili tumanga 100 mingga yaqin xorijiy va 1 millionga yaqin mahalliy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish rejalashtirilgan.
Janubiy koreyalik sayyoh Han Seung Hshan Zominni Shveysariya tabiatiga qiyoslab, uning tog‘lari, osma ko‘prigi, ziplayni hamda milliy taomlaridan katta taassurot olganini ta’kidladi. Bu esa Zominning xalqaro turistik yo‘nalish sifatidagi nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri