O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajribalar o‘rganilmoqda
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik kengayib, seleksiya, urug‘chilik va innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida samarali ishlar tashkil qilinmoqda.
Yaponiyaning Murakami Seed Co., Ltd. kompaniyasi direktori Takashi Sueda va Ryo Sasaki boshchiligidagi delegatsiya O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining Moyli va tolali ekinlar ilmiy-tajriba stansiyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar stansiyada dukkakli ekinlar, xususan, mosh seleksiyasi va yetishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdi, deyiladi ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotida.
Dala tajribasida mosh ekish muddatlari, sxemalari hamda ushbu omillar o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri bo‘yicha olib borilayotgan tajribalarni kuzatdi. Shuningdek, no‘xat o‘simligi namunalari ham delegatsiya vakillariga namoyish etildi.
Uchrashuv davomida tomonlar seleksiya, urug‘chilik, zamonaviy agrotexnologiyalar hamda dukkakli ekinlarni yetishtirish texnologiyalari bo‘yicha ilmiy-amaliy tajriba almashdi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA