Zangezur yo‘lagi Naxchivonni Yevrosiyo strategik markaziga aylantirishi mumkin
Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi xabarida Naxchivon Kavkaz, Turkiya, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muhim transport markaziga aylanishi mumkinligi ta’kidlangan.
Ozarbayjonning asosiy qismi va Naxchivon o‘rtasida Armaniston orqali quruqlik aloqasini ta’minlaydigan Zangezur yo‘lagi esa ayni jarayonda muhim o‘rin egallashi kutilmoqda.
Ushbu yo‘nalish temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishni nazarda tutuvchi TRIPP loyihasining bir qismi sifatida baholanmoqda.
Armaniston hududida 42 km temir yo‘l yotqizilishi rejalashtirilgan, Naxchivonda esa 194 km yo‘l takomillashtiriladi va yangidan quriladi. Ozarbayjon mazkur muxtor hudud orqali temir yo‘li tashuvi quvvatini yiliga 1,5 million tonnadan 15 million tonnaga ko‘tarish niyatida.
Turkiya uchun bu yo‘nalish O‘rta yo‘lakdagi qo‘shimcha bo‘g‘in sifatida strategik ahamiyat kasb etadi. Barpo etilayotgan Kars – Ig‘dir – Oraliq – Diluju temir yo‘li Naxchivonni Turkiya temir yo‘l tarmog‘iga bog‘laydi.
Xullas, Zangezur yo‘lagi transport, energetika va raqamli kommunikatsiyani uyg‘unlashtirib, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi. O‘rta yo‘lak barqarorligini oshiradi, Janubiy Kavkazda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik uchun yangi sharoit yaratadi.
S.Rahimov, O‘zA